Suzish sporti inson sog‘ligi uchun juda foydali bo‘lib, tana muskullarining yaxshi rivojlanishiga, o‘pka va yurak faoliyatiga ijobiy ta’sir qiladi.
Qarshi shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massivida barpo etilayotgan zamonaviy yopiq suv sport saroyi ham qashqadaryolik suzish sporti ixlosmandlariga yilning to‘rt faslida xizmat qilishga mo‘ljallangan.

Loyiha qiymati 103 milliard so‘mni tashkil etayotgan mazkur majmua 2 gektar maydonni egallagan. U 50x21 metr o‘lchamli suzish havzasi, 16x16 metr o‘lchamli balandlikdan sakrash havzasi, 2 ta 6x12 metrli bolalar uchun cho‘milish havzasi, ma’muriyat, suzish havzasi uchun yordamchi hamda media xonalar, fitnes va majlislar zalini o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, tomoshabinlar uchun 500 ta o‘rindiq tashkil etilib, majmuaning kirish qismida katta xoll va 40 kishiga mo‘ljallangan dush va kiyim almashtirish xonalari, 2 ta sauna va dam olish xonalari mavjud bo‘ladi.

Ta’kidlash lozimki, zamonanaviy qurilish yechimlari asosida bunyod etilayotgan ushbu suv sport saroyi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tashkilotchiligida barpo etilayotgan bo‘lib, ayni paytda qurilish ishlari 70 foizga bajarilgan.
Ushbu suv sport saroyi kelgusida viloyatlik suzish sportiga qiziquvchi yoshlar va ularning mazkur yo‘nalishdagi yuqori natijalari uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri