Jamiyat axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur tizim suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayonida shaffoflik va samaradorlikni ta’minlaydi.
Hozirgi kunda yangi tizim Surxondaryo viloyatida bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Bu boradagi ishlar Termiz shahri va tumanida boshlangan. Xususan, Chegara, Manguzar va Guliston mahallalarida suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayonida planshetlar orqali iste’molchilarning yuzi avtomatik ravishda aniqlanmoqda.


–Bu inson omilini kamaytirib, ma’lumotlarni aniq va ishonchli qayd etish imkonini beradi. Har bir iste’molchining o‘z shartnomasi bo‘yicha gaz qabul qilishi kafolatlanadi. Face ID tizimining joriy etilishi bir qator muhim afzalliklarga ega. Masalan, gaz yetkazib berishda shaffoflik va hisobdorlikni oshiradi. Iste’molchi ma’lumotlarining to‘g‘riligi va ishonchliligini ta’minlaydi. Korrupsiya va noqonuniy amaliyotlarning oldini oladi. Shu bilan birga, xizmat ko‘rsatish tezligi va sifatini yaxshilaydi. Kelgusida butun respublikada yagona elektron nazorat tizimini rivojlantirishga zamin yaratadi, – dedi jamiyat axborot xizmati rahbari Dilorom Jumaniyozova.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, ushbu yangilik nafaqat mahalliy hududlarda, balki bosqichma-bosqich butun respublikada joriy etilmoqda. Bu ishlar natijasida aholiga xizmat ko‘rsatishda zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish va gaz taqsimotini adolatli tashkil etishga erishiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA