O‘z xodimlarining farzandlari uchun bog‘cha tashkil qilgan to‘qimachilik sohasi korxonalariga xususiy bog‘chalardagi kabi har bir tarbiyalanuvchi bo‘yicha subsidiya ajratiladi.
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Barcha to‘qimachilik korxonalarini elektr ta’minoti o‘ylantirayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan korxonalarga o‘z ehtiyoji uchun o‘rnatilgan quyosh panellarini tarmoqqa ulashga ruxsat beriladi va bu maqsadlar uchun 200 million dollar kredit resurslari yo‘naltiriladi va stavkaning 10 foizgacha qismi qoplab beriladi.
–Mana, to‘qimachilik korxonalari uchun bir qator imtiyozlar berayapmiz. Lekin, qars ikki qo‘ldan chiqadi, – dedi Prezidentimiz.
Hozir 15 ta klasterda tolani qayta ishlash quvvati yo‘q, yana 12 tasining quvvati yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Ular xomashyosi yetarli bo‘lmagan ip-yigiruv korxonalari bilan samarali kooperatsiya tizimini yo‘lga qo‘yishi kerakligi qayd etildi.
Bunday klasterlarga qo‘shimcha investitsiya qilib, tolani qayta ishlash bo‘yicha yangi loyiha qilish talabi qo‘yilmaydi va jozibador moliyaviy mexanizmlar taqdim etiladi.
Lekin klaster bu tizim asosida tolani qayta ishlashni boshlamasa, keyingi yildan klaster maqomi bekor qilinadi va paxta hosili uchun imtiyozli kredit berilmaydi.
O‘zA