Bugun, 13 avgust kuni XII Butunjahon sport o‘yinlarining oltinchi kungi musobaqalari o‘tkazilmoqda.
Kun davomida 12 ta sport turi bo‘yicha bahslar tashkil etilib, 21 ta medallar jamlanmasining sohiblari aniqlanadi.
Bugun kikboksingchilarimizning ikki nafari yarim final janglarida ringga ko‘tariladi. Terma jamoamiz a’zosi Asilbek Sodiqov 63 kilogrammda ozarbayjonlik Amin Guliyev bilan, Husanxon Baratov +91 kilogrammda turkiyalik Emin O‘zer bilan ro‘baro‘ keladi.
Shuningdek, bugun erta tongdan sambo musobaqalari boshlandi. 14 avgustga qadar davom etadigan sambo bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasining 8 nafar a’zosi g‘oliblik kurashlarida qatnashmoqda.
O‘yinlar dasturiga ko‘ra, mamlakatimizning 5 nafar vakili jangavor sambo yo‘nalishidagi dastlabki saralash musobaqalarida ishtirok etdi.
Xususan, terma jamoamiz a’zolaridan Sharif Kushayev -79 kilogrammda, Sohibjon Hasanboyev -88 kiloda, Shahzoda Azatova -59 kilogrammda, Feruza Boboqulova -65 kilogrammda, Madina Salohiddinova -72 kilogrammdagi saralash bellashuvlarida g‘alabaga erishdi.
Bugun ular yarim final bahslarida gilamga chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, XII Butunjahon sport o‘yinlari 17 avgustga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA