Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
Toshkent shahrida aholi soni oxirgi o‘n-o‘n besh yilda keskin oshdi. Poytaxtga intilish va aholi o‘sishi tufayli turar joy, transport hamda ijtimoiy infratuzilmaga bo‘lgan talabning ortishi tabiiy jarayon.
Keyingi yillardagi investitsiyaviy jozibadorlik sabab poytaxtimizda bunyodkorlik sur’ati jadal o‘smoqda. Yangi uy-joylar, biznes markazlar, mehmonxonalar, madaniyat va sport majmualari shahar imkoniyatlarini kengaytiryapti. Bu o‘zgarishlar bilan cheklanib qolinmayapti. Rivojlanish shiddatiga mos chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xabaringiz bor, Yangi Toshkentning qurilishi ham boshlab yuborilgan. Kelgusida ikki hudud yaxlit zamonaviy megapolisga aylanadi. Bu loyiha poytaxtga tushishi mumkin bo‘lgan bosimni yengillatish, markazdagi yuklamani taqsimlashga xizmat qiladi.
Yangi shaharga 2023 yilning 18 martida tamal toshi qo‘yilgan. Yaqin istiqbolda “Yangi O‘zbekiston” universiteti va Toshkent davlat pedagogika universitetining kampuslari, Milliy kutubxona, Milliy teatr, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi, ijod maktabi, Milliy maqom markazi hamda ko‘p qavatli uy-joylar qurib bitkaziladi.
Davlatimiz rahbari bu zamonaviy hudud “yashil shahar” bo‘lishiga ko‘p bora urg‘u bergan. Bu havo va suv tozaligi, muqobil energiya manbalari, daraxtzorlar ko‘pligi kabi maqsadlarni oldinga chiqaradi. To‘rt yuz gektardan ortiq maydonda Markaziy bog‘ barpo etilib, ikki yuz ming tup daraxt ekilishini tasavvur qiling. Bu hech mubolag‘asiz ekoshahar degani.

Avlodlarga uzoq yillar xizmat qiladigan zamonaviy shahar qurilishida, albatta, sifat juda muhim. Bunyodkorlik ishlarida sifat va xavfsizlik birinchi o‘rinda turayotganining sababi ham shunda.
Bu boradagi yana bir istiqbolli loyiha – yangi shaharga metro yo‘lining qurilayotgani. U hozirgi “Do‘stlik” metro bekatidan boshlanadi. Uzunligi yigirma kilometrdan ortiq bo‘lishi kutilayotgan bu metro har kuni 200-250 ming nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. Yangi metro yo‘lini bejiz yodga olmadik. Demak, ikki shahar alohida-alohida rivojlanmaydi. Bir-biridan ajrab qolmaydi. Yuqorida ta’kidlanganidek yaxlit megapolis bo‘ladi.
Bu fikrlar 9 iyul kuni davlatimiz rahbari Toshkent va Yangi Toshkent shahri uchun “yechimlar atlasi” taqdimoti bilan tanishganida ham alohida ta’kidlandi. Hududni muvozanatli rivojlantirish maqsadida Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasi qabul qilingan. Unda shaharning qurilish rejalari, muhandislik va yo‘l-transport infratuzilmasi, muhofaza hududlari bo‘yicha asosiy ko‘rsatkichlar belgilangan.

– Prezidentimizga poytaxt yo‘llaridagi qurilish loyihalari bo‘yicha ham taqdimot qilindi, – dedi Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov. – Bu ishlarga nufuzli kompaniyalar jalb qilinadi. Bugungi kunda Yakkasaroy tumanidagi Shota Rustaveli ko‘chasida yangicha yondashuv asosida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Xuddi shu singari shahrimizda ikki yuz kilometr yo‘l va to‘rtta yo‘l o‘tkazgichi barpo etiladi. Hozirgi standart bo‘yicha yo‘llarni qurish va ta’mirlash qatnov qismining “qizil chizig‘i”gacha bajariladi. Rivojlangan shaharlar tajribasida bu ko‘chaning ikki tarafidagi binodan binogacha tamoyili asosida amalga oshiriladi. Shunda oraliqda qarovsiz joy qolmay, yo‘l bo‘yi yaxlit va mutanosib obodonlashtiriladi. Bunda ko‘chalarning qatnov qismi, piyodalar yo‘laklari, yashil hududlar, binolarning fasad qismi bir vaqtda tartibga solinadi. Bu olingan topshiriqlar shahrimizni yanada chiroyli qiladi, aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.

Shu o‘rinda “yechimlar atlasi” haqida ikki og‘iz so‘z yuritamiz. Bu shahar bosh rejasining mantiqiy davomi bo‘lib, unda shaharning tashqi qiyofasi, ko‘chalar muhiti bo‘yicha umumiy talablar qayd etiladi. Bu katalog-ma’lumotnoma bo‘lib, u qurilmalarni loyihalashtirish, o‘rnatish va ulardan foydalanish qoidalarini qamrab olgan beshta kitobdan iborat. Bunda jamoat joylarini tashkillashtirish va obodonlashtirish, binolarning tashqi qismini yagona me’moriy qiyofaga keltirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan. Shahar muhitini loyihalashda barqaror rivojlanish maqsadlarini hamda milliy koloritni tatbiq etishga e’tibor qaratiladi.
Toshkentdagi bu kabi o‘zgarishlar shaharning iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy qiyofasini tubdan yangilamoqda. Bu jarayonlar orqali aholi uchun keng imkoniyatlar, qulay yashash muhiti va barqaror rivojlanish sharoitlari yaratilmoqda.

Ikrom AVVALBOEV, Nosirjon HAYDAROV (surat), O‘zA muxbirlari