Joriy yilning 31 iyul kunidan 11 avgust kuniga qadar Tailandning Bangkok shahrida boks bo‘yicha U22 va U19 yoshgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi har ikki yosh toifasida muvaffaqiyatli ishtirok etib, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytib keldi.
Muzaffar bokschilarimizni Toshkent xalqaro aeroportida sportimiz mutasaddilari, mamlakatimiz boks federatsiyasi xodimlari, sportchi va murabbiylarimizning oila a’zolari hamda OAV vakillari tantanali kutib oldi.
Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, Osiyoning 25 ta davlatidan 367 nafar bokschi ishtirok etgan Osiyo chempionatining U19 yosh toifasidagi bellashuvlarda O‘zbekiston terma jamoasi 7 ta oltin, 3 tadan kumush va bronza medaliga ega chiqqan holda qit’amizda tengsiz ekanini isbotladi. Umumjamoa hisobida vakillarimizdan keyingi o‘rinlarda Hindiston 3 ta oltin, 7 ta kumush, 4 ta bronza medal jamg‘arib, 2-pog‘onadan joy olgan bo‘lsa, Xitoy termasi 3 ta oltin, 1 ta kumush va 5 ta bronza medali bilan kuchli uchlikni yakunlab berdi.
Qit’a birinchiligining U22 yosh toifasida esa charm qo‘lqop ustalarimiz 8 ta oltin, 6 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida yaqqol peshqadamga aylandi. Medal to‘plashda Qozog‘iston terma jamoasi 5 ta oltin, 4 ta kumush bilan ikkinchi, mezbonlar esa 3 tadan oltin va bronzaga ega chiqib, uchinchi o‘rindan joy oldi.
Ushbu chempionatdagi yosh bokschilarimizning ulkan muvaffaqiyatlari mamlakatimizda mazkur sport turini yanada ommalashtirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar natijasidir.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda mamlakatimizda boks sport turini yanada rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida sportchilarimiz xalqaro maydonlarda yuksak marralarni zabt etmoqda. Xususan, bugungi kunda o‘zbek boks maktabi tarbiyalanuvchilari sport olamining barcha nufuzli musobaqalari – Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida yuqori natijalarni egallamoqda.
Umid qilamizki, bunday g‘alabalar bardavom bo‘ladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/I5eiDhFe14o" title="Osiyoda tengsiz bo‘lgan bokschilarimiz tantanali kutib olindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Javohir Toshxo‘jayev,
To‘lqin Ro‘ziyev, Doniyor Yakubov (video), O‘zA