Shu kunlarda mamlakatimiz poytaxti Toshkentda joriy yilning 20 avgust kuni gandbol bo‘yicha yigirma yoshgacha bo‘lgan (U-20) qizlar jamoalari o‘rtasida boshlanadigan XVIII Osiyo chempionati (18th Asian Women’s Junior Handball Championship) bahslariga qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Kuni kecha Osiyo qit’asining 10 ta davlatidan milliy terma jamoalar qatnashadigan “18th Asian Women’s Junior Handball Championship” chempionatning ramzi tashkiliy qo‘mita tomonidan tasdiqlandi.

Unda gandbolchi to‘p bilan tezkorligini, shiddat va matonatini namoyon etib oldinga intilayotgani tasvirlangan.
Chempionatda O‘zbekiston U-20 terma jamoasi “A” guruhida Xitoy, Xitoy Taypeyi, Gonkong va Hindiston jamoalari bilan bahs olib boradi.
Hamyurtlarimiz ilk o‘yinni 20 avgust kuni Hindistonga qarshi o‘tkazsa 21 avgust kuni Gonkong, 24 avgustda Xitoy Taypeyi, 25 avgust kuni Xitoy bilan kuch sinashadi.

“B” guruhida Janubiy Koreya, Yaponiya, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston jamoalari ro‘baro‘ keladi.
Musobaqalar davomida terma jamoalar qit’a chempionligi uchun bahslashish qatorida kelasi yili o‘tadigan jahon chempionatiga beriladigan to‘rtta yo‘llanmaga ham da’vogarlik qiladi.
18th Asian Women’s Junior Handball Championship o‘yinlarini 8 ta davlatning 16 nafar hakami boshqarib borishi tasdiqlangan. Ular orasida o‘zbekistonlik hakamlar Sevara Razaqbergenova va Zahro Allayorova faoliyat ko‘rsatadi.
Musobaqalar 29 avgustga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA