Munosabat

Mamlakatimizda davlat boshqaruvi tizimi bosqichma-bosqich transformatsiya qilinmoqda, siyosiy institutlar va ma’muriy islohotlar orqali inklyuzivlik, shaffoflik va samaradorlik kabi demokratik qadriyatlar asosida qayta shakllantirilyapti. Olib borilayotgan islohotlar, eng avvalo, davlat boshqaruvidagi byurokratik to‘siqlarni kamaytirib, xalq manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish, mahalliy va markaziy boshqaruv organlari faoliyatini moslashuvchan, tezkor, zamonaviylashtirishdan iborat.
Biroq, har qanday tuzilmaviy islohotning muvaffaqiyati, avvalo, uni amalga oshiruvchi kadrlar faoliyatiga bog‘liq. Shu bois malakali va o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashuvchi kadrlar korpusini shakllantirish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biriga aylandi. Ayni shu maqsadda Prezidentimiz tomonidan 2025 yil 19 iyun kuni “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi. Ushbu farmon mamlakat boshqaruv tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan strategik qadam bo‘ldi.
Farmon davlat fuqarolik xizmatini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish, davlat xizmatchilari ishini natijadorlikka yo‘naltirish, aholining davlat xizmatiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish, sohaga istiqbolli kadrlarni jalb qilish va ularni professional mutaxassis etib tayyorlashning samarali tizimini joriy qilishga yo‘naltirildi. Farmon loyihasini tayyorlashda mahalliy va xorijiy ekspertlar hamkorligi ta’minlandi, shuningdek, Irlandiya, Fransiya, Germaniya, BAA, Latviya, Angliya, Ispaniya, AQSH, Koreya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Bosniya va Gersegovina, Singapur kabi davlatlar tajribasi o‘rganildi. Bu hujjatning pishiq va zamonaviy standartlarga javob berishini ta’minladi.
Farmonning strategik yo‘nalishlari
Farmon bilan 2025-2026 yillarda davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan, davlat organlarida kadrlar bilan ishlashning zamonaviy usul va mexanizmlari hamda yaxlit tizimini joriy etish, salohiyatli va istiqbolli rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish, yangi avlod rahbar kadrlarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, xodimlar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingandan boshlab butun mehnat faoliyati davomida zarur bilim va kasbiy kompetensiyalarini uzluksiz rivojlantirishini tashkil etish va monitoring qilish, davlat xizmatiga xotin-qizlarni keng jalb qilish uchun ularning sohaga bo‘lgan qiziqishi, manfaatdorligi va ishonchini oshirish nazarda tutilgan. Davlat fuqarolik xizmatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish kabi yo‘nalishlarga ustuvorlik berilishi qayd etilgan.
Transformatsiya jarayonlari
Farmon bilan sohada qator yangi mexanizmlar joriy etiladi. Jumladan, endilikda davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuziladi va keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga ko‘ra mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytiriladi.
Shuningdek, davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari majburiy “Davlat xizmatiga kirish” maxsus kurslarini va keyinchalik har uch yilda kamida bir marotaba malaka oshirish kurslarini o‘taydi. Mazkur kurslarning yakunlari bo‘yicha esa ularning nazariy bilim va ko‘nikmalari diagnostikadan o‘tkaziladi.
Ahamiyatlisi, diagnostikada davlat xizmatchilarining tegishli soha va tarmoq bo‘yicha bilim darajasi, hujjatlarni tuzish va davlat tilida ish yuritish ko‘nikmalari, tahliliy, rahbarlik va kommunikativlik malakalari, kompyuter savodxonligi, qonunchilikdagi yangiliklarni, O‘zbekiston tarixi va xorijiy tillarni o‘zlashtirganligi, umumiy eruditsiyasi, psixologik diagnozi va intellektuallik koeffitsiyenti (IQ) baholanadi.
Diagnostika va faoliyat samaradorligi (KPI) natijalari xodimlarning kasbiy kompetensiyalari rivojlanishini uzluksiz onlayn monitoring qilish tizimida yig‘iladi va tahlil qilinadi. Tahlil natijalariga ko‘ra, xodimning mavjud bilim va ko‘nikmalarini kasbiy rivojlantirish xaritasi – portfoliosi yaratiladi. Kasbiy rivojlantirish xaritasi asosida davlat xizmatchisi rivojlantirishi lozim bo‘lgan “yumshoq” va “qattiq” ko‘nikmalari bo‘yicha majburiy malaka oshirish, jumladan, mustaqil ta’lim olish dasturini o‘taydi.
Shuningdek, vazirlik va idoralar tomonidan xodimlarni xorijda o‘qitish, tayyorlash, malakasini oshirish hamda stajirovkasini tashkil etish, shu jumladan, grantlar yoki donorlar mablag‘lari hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida o‘qitish, tayyorlash, malakasini oshirish hamda stajirovkasi bilan bog‘liq tadbirlar amalga oshiriladi.
Bunda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (hozirda Boshqaruv samaradorligi agentligi), Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamkorligida davlat xizmatida kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimini joriy etadi.
2026 yildan boshlab iqtidorli boshqaruvchilar va liderlarni, yangi avlod rahbarlarini aniqlash va tanlash bo‘yicha “TOP-100” dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Salohiyatli va istiqbolli rahbarlarning barqaror zaxirasi shakllantiriladi, vazirlik va idoralarda davlat xizmatchilarining oilasi uchun “oila kuni” (family day) tashkil etiladi.
Shuningdek, ilk marotaba davlat xizmatchilariga malaka darajalari ham berilishi belgilandi. Qolaversa, Davlat organlari faolligining milliy reytingi joriy etiladi. Reyting natijalariga ko‘ra, quyi pog‘onadagi davlat idoralarining ish usullarini o‘zgartirish, boshqaruv jarayonlarini optimallashtirish (BPR-reinjiniring) choralari amalga oshiriladi hamda Hukumat majlislarida rahbarlar faoliyatiga baho berib borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Farmonning yana bir konseptual jihati – unda davlat fuqarolik xizmati tizimini isloh qilishga doir bir qator institutsional tashabbuslarni huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan normativ-huquqiy mexanizmlar tasdiqlandi. Bu esa sohadagi tashkiliy-huquqiy munosabatlarni aniq me’yorlarga asoslangan holda tartibga solish, amalga oshiriladigan islohotlarning samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Jumladan, Davlat fuqarolik xizmatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasining maqsadli ko‘rsatkichlari, Davlat fuqarolik xizmatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar, Davlat fuqarolik xizmati tatbiq qilinadigan davlat organlari va tashkilotlari ro‘yxati, respublika, hududiy va tuman darajasidagi davlat organlari davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri va bir qator nizomlar tasdiqlandi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, ushbu normativ huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi davlat fuqarolik xizmatini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish, davlat xizmatchilari ishini natijadorlikka yo‘naltirish, aholining davlat xizmatiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishda yangi davrni boshlab beradi.
Sevara ZOKIROVA,
yuridik fanlar bo‘yicha PhD.
O‘zA