Mulohaza
Qishloq xo‘jaligi nafaqat aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash, balki iqtisodiy o‘sish, eksport salohiyati va mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashda hal qiluvchi o‘rin tutadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligini strategik tarmoq sifatida belgilab, sohani tubdan isloh qilish, zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish, xalqaro bozorda raqobatbardoshlikni ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli tashabbuslarni ilgari surmoqda.
2020-2030 yillarga mo‘ljallangan Agrosanoatni rivojlantirish milliy strategiyasi va uning asosida qabul qilingan davlat dasturlari sohada izchil islohotlarning huquqiy asosini yaratdi. Prezident tomonidan qabul qilingan qaror va farmonlar yer resurslaridan samarali foydalanish, suv tejamkor texnologiyalarni joriy etish, fermer va klasterlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, eksportni kengaytirish yo‘nalishlarida muhim o‘zgarishlarga olib keldi.

Shuningdek, 2025 yilda qabul qilingan Suv kodeksi – oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda davlat siyosatining yana bir muhim bo‘g‘iniga aylandi.
Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi iqtisodiy va ekologik samaradorlikni qator islohotlar ortidan ham ko‘rish mumkin. Xususan, so‘nggi uch yilda
250 ming gektar paxta va g‘alla yeri qisqartirilib, uning o‘rniga oziq-ovqat yetishtirishga mo‘ljallangan ekinlar joriy etildi. Bu nafaqat mahsulot turlarini diversifikatsiya qilishga, balki aholining iste’mol ehtiyojini qondirish va bozorda narx barqarorligini ta’minlashga ham xizmat qilmoqda.
Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportini ko‘paytirish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi sohadagi yutuqlarni yaqqol namoyon etdi. Yig‘ilishda nafaqat mavjud kamchiliklar aniq tahlil qilindi, balki oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, suvsizlikka chidamli ekinlar yetishtirish, qayta ishlash sanoatini rivojlantirish kabi dolzarb masalalar yuzasidan aniq vazifalar ham belgilandi.

Muhimi, har bir sohadagi rivojlanish strategiya, ilgari surilayotgan tashabbuslar va amalga oshirilayotgan loyihalar ekologik barqarorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda.
Shu bois agrar sohada ham iqlimga moslashgan, suvsizlikka chidamli, serhosil navlar joriy etilmoqda. Ekologik samaradorlikni oshirish maqsadida 224 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi, natijada 420 million kub metr suv tejaldi va 65 ming gektar qo‘shimcha maydon o‘zlashtirildi.
Mamlakatdagi soha bilan bog‘liq tashabbuslar faqatgina eksport yoki iqtisodiy ko‘rsatkichlarga emas, balki dehqon va fermerning kundalik hayotini yaxshilashga, qishloq joylarda hayot sifatini oshirishga qaratilgan.
Masalan, 5 ming 100 gektar issiqxona maydonlarida yetishtirilayotgan mahsulot hajmi 110 ming tonnadan 546 ming tonnaga yetdi. Issiqxona ishchilari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizgacha tushirilishi esa davlat tomonidan qishloq mehnatiga bo‘lgan amaliy g‘amxo‘rlik namunasidir.
Shuningdek, 896 ming gektar maydonda takroriy ekinlar joriy etildi, bu – yerdan samarali foydalanish, dehqon uchun ikki karra daromad manbai, bozorda narx barqarorligini saqlash vositasi sifatida xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligida 2025 yilning birinchi yarim yilligida yalpi mahsulot hajmi 4 foizga o‘sdi. Bu oddiy raqam emas, balki sohadagi keng qamrovli islohotlar, zamonaviy boshqaruv va ilmiy yondashuvning amaldagi natijasidir.
Muhimi, agrar sohada yangi ishlab chiqarish madaniyati, eksportbop yechimlar va samarali boshqaruv modellari shakllanmoqda. Bu ham kelgusida sohaning barqaror rivojlanishi va aholi farovonligini ta’minlashda muhim poydevor vazifasini bajaradi.
Joriy yilda O‘zbekistonning FAO Kengashi a’zoligiga saylanishi – agrar sohada olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning xalqaro e’tirofi bo‘ldi. Bu mamlakatimiz tashabbuslari asosida yangi mintaqaviy loyihalarga investitsiya jalb etishga imkoniyat yaratadi.
O‘zbekiston mahsulotlari bugun dunyo bozorlarida yuqori talabga ega. “O‘zbekistonda yetishtirilgan” degan brend xalqaro savdo maydonlarida qadrlanadi. Bu mamlakatimizda ilgari surilayotgan tashabbuslar orqali milliy mahsulotlarga berilgan strategik e’tiborning natijasidir.
Xulosa qilib aytganda, agrosanoat kompleksi bugungi kunda mamlakat taraqqiyotining yangi istiqbolli yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA muxbiri