Doimiy aloqadagi avlod xavf ostida
Insoniyat tarixida hech qachon yoshlar bugungi kundagidek ommaviy va doimiy ravishda axborot oqimiga bog‘lanmagan. AQSH Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozir 13-17 yoshli o‘smirlarning 95 foizi ijtimoiy tarmoqdan foydalanadi, uchdan biri esa uzluksiz onlayn holatda. Bir qarashda ijtimoiy tarmoq muloqot qilish, o‘rganish va kishi o‘zini ifoda etishi uchun misli ko‘rilmagan imkoniyat yaratayotgandek. Binobarin, shifokorlar va psixologlar mazkur vaziyatdan juda xavotirga tushyapti: ko‘plab tadqiqotlar ijtimoiy tarmoq o‘smirning aqliy rivojlanishi, ruhiy holati va xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini isbotlamoqda. Bu shunchalik jiddiy muammoki, AQSH bosh shifokori ayni ijtimoiy hodisa bolalar sog‘lig‘i uchun juda xavfli, deya baholadi va zudlik bilan himoya choralarini ko‘rishga chaqirdi.
Nufuzli manbalar – NIH, “Nature”, JAMA singari ilmiy jurnallar, ekspertlarning fikrlari va APA, “Nicholas Carr”, “The Guardian”, NPR, “Euronews” kabi OAV materiallariga asoslangan ushbu tahliliy maqolada ijtimoiy tarmoqning o‘smirlar va yoshlarga salbiy ta’siri isbotlangan holatlarni ko‘rib chiqamiz. Tahlil bir necha o‘zaro bog‘liq jihatni qamrab oladi: kognitiv o‘zgarish – xotira, diqqat, fikrlash, “raqamli miyaning chirishi” fenomeni, ruhiy salomatlik – xavotirlanish, tushkunlik, FOMO, yolg‘izlik, o‘zini baholash, xulq-atvordagi og‘ishish – tajovuzkorlik, qaramlik, hamdardlik yo‘qolishi, tezkor qoniqish madaniyati, giyohvandlikka o‘xshash neyrofiziologik jarayon, shuningdek zamonaviy o‘smirning yashash muhitini shakllantirishda algoritm va “raqamli determinizm”ning roli. Shubhasiz, raqamli texnologiyaning ijobiy tomoni ko‘p. Hozir faqat aynan tadqiqotlar tasdiqlagan xatarlarga e’tibor qaratamiz.
Kognitiv ta’sir: “raqamli miya parchalanishi”dan e’tiborni yo‘qotishgacha
Ijtimoiy tarmoq jadal ommaviylashishi tufayli yosh avlod tashvishli tarzda aqliy jihatidan o‘zgarmoqda. Olimlar xotira yomonlashuvi, ancha vaqt diqqatni jamlash qobiliyati susayishi va tafakkur asta-sekin “sayozlashuvi”ni qayd etmoqda. Ingliz tilida shunday keng tarqalgan xavotirni ifodalovchi “brain rot” ("miya chirishi") atamasi ham muomalaga tobora mustahkam o‘rnashmoqda. Oksford lug‘ati 2024 yil “brain rot”ni “Yil iborasi” deb baholadi va “arzimaydigan onlayn kontentga haddan ziyod murojaat qilish oqibatida aqliy qobiliyat taxminiy susayishi”ni bashorat qildi. Afsuski, bu shunchaki majoziy qarash, ya’ni metafora emas, balki ilmiy ma’lumot sifatida miyaning “raqamli parchalanishi” haqiqatini tasdiqlaydi. “The Guardian” gazetasida keltirilgan Garvard, Oksford va Londondagi Qirollik kolleji tadqiqotlari ko‘rsatadiki, ijtimoiy tarmoqdan haddan tashqari foydalanish miyaning muhim a’zolarida kul rang modda hajmini kamaytiradi, xotirani zaiflashtiradi, uzoq muddat diqqatni jamlash qobiliyatini pasaytiradi va asosiy kognitiv funksiyalarni buzadi.
Buni PNAS tadqiqotining o‘n yillik sharhi ham tasdiqlaydi: bir necha media minbar o‘rtasida doimiy ravishda almashadigan odamlar yoki boshqacha aytganda, ijtimoiy tarmoqning faol foydalanuvchisiga xos odatiy hatti-harakat qiziqkvchilari ma’lumotni ketma-ket iste’mol qiladiganlarga qaraganda oddiy eslab qolish borasida ancha no‘noq ekan. Qisqasi, video lavhadan xabar va bildirishnomaga sakrab, iasmani tinimsiz aylantirish odati miyani chalg‘ishga o‘rgatadi va afsuski, ishchi xotira va ma’lumotni saqlash qobiliyatiga putur yetkazadi. 2018 yil Stenford universiteti xotira bo‘yicha yetakchi mutaxassislari guruhi ma’lumot to‘plamini tahlil qilib, shunday xulosaga keldi: multimedia turmush tarziga o‘ch, bir vaqtda bir necha ekran va ilova bilan ishlashga odatlanganlarda xotira hajmi torayishi, diqqat zaiflashishi yaqqol namoyon bo‘ladi.
Diqqatni jamlash qobiliyati yo‘qolishi – raqamli asrning eng ommabop aql kushandalaridan biri. 2004 yil o‘rtacha foydalanuvchi muayyan vazifaga taxminan 2,5 daqiqa e’tibor bergan, ushbu ko‘rsatkich 2010 yil bir daqiqaga tushdi, bugungi kunda esa 50 soniyadan ham kamroqni tashkil qilmoqda. Kaliforniya universiteti professori Gloriya Mark so‘nggi yigirma yil ichida e’tibor susayishini kuzatib kelgan olima sifatida “Bu jamiyat uchun tashvishli tendensiya”, deya ta’kidlaydi. Yozuvchi va ilmiy publitsist Nikolas Karr majoziy tarzda aytganidek, internet va ijtimoiy tarmoq insonni doimiy ravishda tashqi ta’sirga chalg‘iydigan ibtidoiy odamga xos “tabiiy parishonxotirlik holati”ga qaytarmoqda. “The Shallows” (“Sayozlik”) asari muallifi 2010 yildayoq ogohlantirgan: uzluksiz uzilish va bildirishnomaga asoslangan veb-muhit kishini chuqur o‘qish va teran fikrlashdan uzoqlashtiradi. U o‘zidagi o‘zgarishni shunday tasvirlaydi: tarmoqdan faol foydalangach, uzun matnni o‘qish qiyinlashgan – bir necha sahifadan keyin miya “irg‘ib turib, pochta yoki tasmani tekshirish”ni talab qila boshlagan. Doimiy raqamli ko‘p vazifalilik neyron aloqasi darajasida yuzaki, uzuq-yuluq idrok etish odatini shakllantiradi.
Yosh inson miyasi uzluksiz qisqa kontent ta’siriga uchraganda, jismoniy o‘zgarishga duch kelishi ayonlashmoqda. Neyrovizualizatsiya internetga qaram shaxsda kimyoviy qaramlikdagi kabi miya a’zolarida tarkibiy o‘zgarish mavjudligini ko‘rsatmoqda. Masalan, qaror qabul qilish, o‘zini boshqarish va xotira uchun javobgar prefrontal po‘stloqda kul rang modda hajmi kamayishi qayd etilmoqda. 27 neyrotadqiqot tahlili aniq ko‘rsatdiki, internetdan haddan tashqari foydalanish mukofotlanish va impulsni nazorat qilish hududida kul rang modda kamayishiga olib keladi. Bunday o‘zgarish “giyohvand modda, masalan metamfetamin yoki spirtli ichimlikka qaramlarda kuzatiladigan holatni aynan aks ettiradi”. Ba’zi olimlar allaqachon asab tizimi surunkali axborot yuklamasi sharoitida rivojlanayotgan bolalarda “raqamli aqli zaiflik” xavfidan ogohlantirishmoqda. Boshqacha aytganda, ko‘ngil ochar kontentga erkin kirishning aqliy qobiliyatga ta’siri juda yuqori bo‘lib chiqmoqda: tashqi rag‘batsiz o‘rganishi, diqqatni jamlashi va tanqidiy fikrlashi tobora qiyinlashib borayotgan avlod shakllanmoqda.
Ruhiy salomatlik: tashvish, depressiya va FOMO fenomeni
Ijtimoiy tarmoqdan faol foydalanib o‘sayotgan yoshlarning ruhiy salomatligi masalasi tobora jiddiy ahamiyat kasb etmoqda. 2010 yildan boshlab tibbiyot xodimlari ko‘plab mamlakatlarda smartfon va ijtimoiy tarmoq keng ommalashishi bilan o‘smirlar orasida xavotir va tushkunlik alomati keskin ko‘payishini qayd etgan. Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda depressiya yoki xavotir tashxisi qo‘yilgan bolalar va o‘smirlar soni qariyb 30 foiz oshgan. Inqirozning asosiy sabablaridan biri sifatida ijtimoiy tarmoq ta’siri ko‘rsatilmoqda. Tadqiqotlar muntazam ravishda ijtimoiy tarmoqda ko‘p vaqt o‘tkazish va ruhiy salomatlik yomonlashuvi o‘rtasidagi bog‘liqlikni tasdiqlaydi. Masalan, JAMA Pediatrics jurnali e’tirof etishicha, kuniga 3 soatdan ortiq vaqtini ijtimoiy tarmoqda o‘tkazadigan o‘smirda ruhiy muammo, ayniqsa depressiya alomati yoki ojizlik hissi rivojlanishi xavfi ancha yuqori. Minglab o‘smirni qamrab olgan yana bir uzoq muddatli tadqiqot natijasi ekran qarshisida, birinchi navbatda ijtimoiy tarmoqda o‘tkazilgan vaqt ko‘payishi keyingi yillarda depressiya alomati kuchayishiga sabab bo‘lganini ko‘rsatgan.
Ayniqsa, o‘smir qizlar zaif guruh ekani ma’lum bo‘lgan. Buyuk Britaniyada 14 yoshli 11 000 ga yaqin bola orasida o‘tkazilgan tadqiqot keskin jinsiy farqni isbotlagan: qizlarda ijtimoiy tarmoqdagi yuqori faollik depressiya alomati ortishi bilan bevosita bog‘liq. O‘g‘il bolada esa bunday bog‘liqlik kamroq namoyon bo‘lgan. Depressiyaga chalingan qizlarning to‘rtdan uch qismi o‘zini past baholashi, qaddi qomati, tanasidan qoniqmasligidan ogoh qilgan. Ularning aksari kuniga 7 soatdan kam uxlagan. Demak, bu holatni aynan tungi onlayn faollik, kiberbulling va o‘zini Instagram yoki TikTok’dagi “yaltiroq” tasvirlar bilan haddan tashqari taqqoslashga bog‘lash imkonini beradi. Umuman, ijtimoiy tarmoq yoshlarda ishonchsizlik, o‘zidan qoniqmaslik hissini kuchaytirmoqda. Birlashgan Qirollik sog‘liqni saqlash jamiyati tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma ko‘rsatdiki, eng mashhur besh platformadan to‘rttasi – “Instagram”, “Snapchat”, “Facebook” va “Twitter” yosh foydalanuvchilar ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. “Instagram” farovonlikka ta’sir bo‘yicha eng zararli, deb topilib, yoshlarda o‘zining nomukammalligidan xavotir hissini kuchaytirishi ta’kidlangan. So‘rovnoma ishtirokchilari aytishicha, “Instagram” va “Snapchat” kabi vizual yo‘naltirilgan manbalar o‘z tanasidan norozilikni kuchaytiradi, uyqu sifatini pasaytiradi, xavotir va depressiya darajasini oshiradi, yolg‘izlik hissini paydo qilib, muhim narsalarni o‘tkazib yuborishdan qo‘rquvni kuchaytiradi. Aslida, ko‘plab o‘smirlar tengdoshlari bilan kutilgan yaqinlashuv o‘rniga, ijtimoiy tarmoqdan teskari ta’sir olmoqda – yakkalanish hissi va o‘zini boshqalarning mukammal (“ideal”) hayoti bilan hasadgo‘ylarcha taqqoslash kuzatilmoqda.
Ijtimoiy tarmoq fenomeni FOMO (fear of missing out) – “muhim narsani o‘tkazib yuborishdan qo‘rqish” tushunchasi bilan chambarchas bog‘liq. Do‘stlar sahifasidagi uzluksiz yorqin yangilanish o‘g‘il-qizlarda o‘z hayoti boshqalarnikiga qaraganda rangsizroq va zerikarli ekanini his qilish xavotirini uyg‘otishi mumkin. Bu kishini yomon doiraga olib kiradi: o‘smir voqeadan chetda qolmaslik uchun tasmani doimiy ravishda tekshirishga majbur bo‘ladi va shu tariqa bog‘liqlik va xavotirni rivojlantiradi. So‘rovnomaga ko‘ra, FOMO ta’siri bo‘yicha “Instagram” eng salbiy platforma hisoblanadi – aynan shu manzilda foydalanuvchi “voqealar markazida emasman” hissini ko‘proq tuyadi. Doimiy ravishda ijtimoiy taqqoslash va imkoniyatni boy berishdan qo‘rqish surunkali bezovtalik, uyqu buzilishi, o‘smirlar, hatto, tunda ham bildirishnomalarni tekshirishi tufayli, asab tizimi ortiqcha charchashi yaqqol ko‘rinadi.
Tibbiyot mutaxassislari ta’kidlashicha, kiberbulling – ijtimoiy tarmoqning yana bir salbiy tomoni yoshlar orasida xavotir va depressiya buzilishi ko‘payishiga olib keladi. Onlayn muhit ko‘pincha qurbonni yanada qiynaydi: haqorat, kamsituvchi izoh yoki tahdid bir zumda va to‘xtovsiz tarqaladi. Save the Children tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, internetdagi ta’qib va zo‘ravonlik bolada xavotir, tushkunlik, qo‘rquv va hatto “yaralanish”dan keyingi stress (PTSD) alomatini keltirib chiqarishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqdan uzoq muddat foydalanish nafaqat klinik depressiya xavfini oshiradi, balki yolg‘izlik hissini ham kuchaytiradi. Bu bizni bog‘lashi kerak bo‘lgan texnologiya uchun kutilmagan natija hisoblanadi. AQSH Sog‘liqni saqlash milliy instituti tomonidan moliyalashtirilgan tadqiqot natijasiga e’tibor qaratamiz. Ijtimoiy tarmoqda kuniga 2 soatdan ziyod vaqt o‘tkazadigan yoshlar deyarli foydalanmaydigan tengdoshlariga qaraganda o‘zini 2-3 barobar ko‘proq ijtimoiy jihatdan yakkalangan his qilarkan. Bundan tashqari ruhiy va ijtimoiy salomatlik bilan bog‘liq muammo bir-birini kuchaytiradi: o‘smir o‘zini yolg‘iz yoki tushkun his qilganda internet olamidan taskin topishga intilishi mumkin, ammo tasmani maqsadsiz aylantirib o‘tirish, aksincha, undagi begonalashuv hissini yanada chuqurlashtiradi. Ijtimoiy tarmoq zaif o‘smirda ehtimoliy kuchaytiradigan ovqatlanish me’yori buzilishi holati va o‘z joniga qasd qilish fikri paydo bo‘lishi jamoatchilikda alohida tashvish uyg‘otmoqda. “Meta” (“Facebook”) kompaniyasining ichki tadqiqoti dahshatli manzarani namoyon etmoqda: ovqatlanish tartibi buzilishi mavjud o‘smir qizlarning 17 foizida “Instagram” tufayli ahvol yomonlashgan, 14 foizida esa o‘z joniga qasd qilish fikri kuchaygan. Axborotchi Frensis Xougen tomonidan oshkor qilingan ushbu ma’lumot ko‘rsatadiki, ijtimoiy tarmoq rahbariyati yosh foydalanuvchi ruhiyatiga zarar yetkazishini yaxshi bilarkan. Shunday bo‘lsa-da, algoritm o‘smirlarga “mukammal tana”ning sun’iy tasviridan tortib, o‘z-o‘zini yo‘q qilishga undovchi guruhlargacha zararli kontentni maqsadli ravishda targ‘ib qilishda davom etgan.
Qisqasi, ijtimoiy tarmoq yoshlar ongida hissiy bo‘ron yaratadi: o‘z nomukammalligidan xavotirlanish, tushkunlik apatiyasi, muhim narsani qo‘ldan boy berish qo‘rquvi (FOMO), soxta muloqot ichida yolg‘izlik hissi va hokazo. Bularning bari axloqiy vahima emas, balki ilmiy jihatdan tasdiqlangan ta’sir vositalari. AQSH bosh shifokorining 2023 yildagi hisobotida ijtimoiy tarmoq bolalar va o‘smirlar ruhiy salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi haqida ishonchli dalillar keltirilgan. Garchi, raqamli muloqot ba’zilarga foyda keltirsa-da, umumiy manzara jamiyatning zudlikdagi e’tiborini talab qiladi.
Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, ijtimoiy tarmoqning yoshlar aqliy rivojlanishi va ruhiy salomatligiga salbiy ta’siri haqidagi dalillar shak-shubhasiz xususiyat kasb etadi. Ko‘plab tadqiqotlar natijasida aniqlangan muammolar – xotira va diqqat susayishi, klip tarzida fikrlash, xavotirlanish, tushkunlik, yolg‘izlik va o‘ziga nisbatan hurmat pasayishi – kelajak avlodning tashvishli manzarasini yaratmoqda.
Binobarin, kognitiv va emotsional buzilish umumiy zararning faqat bir qismi. Ijtimoiy tarmoq nafaqat tafakkurni o‘zgartiradi, balki xulq-atvorga ham chuqur ta’sir ko‘rsatadi. Qaramlikni shakllantiradi, tajovuzkorlik keltirib chiqaradi va algoritm orqali shaxsiy mustaqillik chegarasini yo‘qotadi.
Ayni mavzudagi maqolaning ikkinchi qismida raqamli qaramlik qanday paydo bo‘lishi, ijtimoiy tarmoq nima uchun dofamin tuzog‘i sifatida ishlashi, algoritm yosh foydalanuvchi e’tiborini boshqarishda qanday rol o‘ynashi va nima uchun vaqt hamda e’tibor uchun kurash global muammolar uchun yangi maydon bo‘lib qolayotganini batafsil ko‘rib chiqamiz.
Abduaziz Xidirov, O‘zA