Yoshlarning mehnat bandligini ta’minlash masalasiga mamlakatimizda ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilning 8 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari bandligini ta’minlashga oid yangicha yondashuvlar yuzasidan ilg‘or va amaliy tashabbuslar ilgari surildi.
Ma’lumki, keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi keskin oshgani ularni turli sohalar bo‘yicha yetuk mutaxassislar bo‘lib jamiyat hayotiga qo‘shilishida yangi bosqichni boshlab berdi. Ayni paytda o‘quv jarayoni va ishlab chiqarish o‘rtasida integratsiyaning yetarlicha emasligi, oliygohlarni bitirayotgan yosh kadrlar bilan ish beruvchi tomonidan qo‘yilayotgan talablar o‘rtasidagi nomutanosiblik borligi, mehnat bozoridagi talab va ehtiyojni mukammal o‘rganish, tahlil etishga oid hali yechimini kutayotgan dolzarb masalalar ham yo‘q emas.
Bugungi davr shuni ko‘rsatmoqdaki, har bir viloyatda “biznes inkubatorlar” tashkil qilib, tadbirkorlik, marketing, dizayn, axborot texnologiyalari sohalarida 10 ming bitiruvchini band qilish mumkin. Qolaversa, kimyo, energetika, geologiya, avtosanoat, metallurgiya, to‘qimachilik, elektrotexnika, qurilish, transport, logistika kabi iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda yoshlarni ishli qilish imkoniyatlari mavjud.


Ayni paytda tijorat banklari orqali 20 ming bitiruvchining biznes boshlashiga ko‘maklashish rejalashtirilgani, bunda yoshlar bandligini ta’minlash uchun Milliy bank va Aloqa bankka bu yil salmoqli miqdorda mablag‘lar ajratilgani ahamiyatga molikdir.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan mamlakatimiz yoshlarining bandligiga ko‘maklashishga qaratilgan “Kelajakka qadam” loyihasi bu borada o‘zining amaliy ahamiyati, natijadorligi bilan diqqatga sazovordir. Bugungi kunda mazkur loyiha mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab olgan.
Namanganda tashkil etilgan “Talaba Expo – 2025” kasb ko‘rgazma yarmarkasi yoshlar diqqatini jalb etgan tadbirlardan biri bo‘ldi. Ushbu tadbir Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, “O‘zmilliybank” Aksiyadorlik jamiyati, Savdo-sanoat palatasi hamda Namangan viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkazildi.


Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi talabalarini ish bilan ta’minlash, ularni mehnat bozoriga tayyor mutaxassis sifatida olib chiqish hamda startap va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda Namangan viloyatidagi oliy ta’lim tashkilotlarining jami 10 ming 867 nafarga yaqin bitiruvchi talabalari ishtirok etdi. Ko‘rgazmada 1500 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari bilan 240 dan ortiq ish beruvchi korxona va tashkilotlar, banklar, moliyaviy muassasalar, investorlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va tadbirkorlar qatnashdi.
Tadbirning ochilishida so‘zga chiqqanlar yoshlarning kasbiy rejalari va tashabbuslarini amaliy qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan yangi tashabbuslar hayotga joriy etilayotganini e’tirof etdi. Ko‘rgazma davomida ish o‘rinlari yarmarkasi, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida kredit mahsulotlari taqdimoti, moliyaviy va huquqiy maslahatlar, startap va innovatsion loyihalar taqdimoti, seminar-treninglar va ochiq muloqotlar, oliy ta’lim muassasalari taqdimotlari, madaniy-ma’rifiy dasturlar bo‘lib o‘tdi.


Tanlab olingan startap loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ishga qabul qilish uchun bevosita suhbatlar o‘tkazish va yosh mutaxassislarning salohiyatini baholash imkoniyati yaratilmoqda. Seminar-treninglarda esa bitiruvchilarning shaxsiy brendi, kasbiy ko‘nikmalari va mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan chiqishlar tashkil etildi.
“Talaba Expo – 2025” kasb ko‘rgazma yarmarkasi oliy ta’lim va bandlik o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni kuchaytiruvchi, bitiruvchilarni amaliy bandlik yo‘liga yo‘naltiruvchi muhim platforma sifatida xizmat qilmoqda. Uning doirasida “Kelajakka qadam” markazi tomonidan bitiruvchi yoshlar uchun kredit, moliyaviy ko‘mak va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga doir alohida faoliyat yo‘lga qo‘yilgan. Banklar va moliyaviy institutlar vakillari yosh tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilmoqda. Tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi bitiruvchilar uchun turli kredit mahsulotlari yuzasidan maslahatlar berilmoqda, hujjat topshirish tartibi, loyihani tahlil qilish mezonlari va moliyaviy mas’uliyat asoslari tushuntirilmoqda.


Tadbir davomida ilgari surilgan bir qator startap g‘oyalar ko‘rib chiqilib, ularning bir nechtasi “Kelajakka qadam” dasturi doirasida moliyalashtirishga tavsiya etildi. Alohida tanlangan loyihalarga 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan summada moliyaviy qo‘llovlarni nazarda tutuvchi vaucherlar tantanali ravishda topshirildi. Bu — yoshlar tashabbusiga real turtki, amaliy natija.
Loyiha mualliflari o‘z tashabbuslarini bank mutaxassislari, investorlar va amaliyotchilar ishtirokida taqdim etdi. Moliyalashtirishga tavsiya etilgan startaplar orasida ta’lim, texnologiya, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi loyihalar ham mavjud. Mazkur faoliyat — bitiruvchiga nafaqat ish, balki o‘z biznesini boshlash imkoniyatini beruvchi tizimli yondashuv namunasidir.
Bir so‘z bilan aytganda, “Talaba Expo – 2025” kasb ko‘rgazma yarmarkasi yoshlar tashabbusiga asoslangan barqaror kelajak sari qadamlar maydoniga aylanmoqda.



N.Usmonova, O‘zA muxbiri