Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida fuqarolar huquq va erkinliklari himoyasini kuchaytirish hamda odil sudlovni ta’minlashga oid qator qonunlar muhokama qilindi.
Xususan, “Kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishni raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish, sud hujjatlarini ijro etishdan har qanday bo‘yin tovlashning oldini olish, fuqarolarning mol-mulki va pul mablag‘lari daxlsizligini kafolatlashga qaratilgan qonun hujjatlarini takomillashtirish zarurati yuzaga kelayotgani qayd etildi.
Qonun bilan ijro hujjatlari asosida auksion savdolarida sotilmagan mol-mulklar undiruvchiga natura shaklda o‘tkazilayotganda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi idoralar tomonidan qo‘yilgan barcha taqiqlar davlat ijrochisining qarori asosida bekor qilinishi belgilanmoqda. Bunda davlat ijrochisining qarori mol-mulklarni taqiqlarsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos bo‘lishi ko‘rsatilmoqda.

Qonunni ishlab chiqishda bir qator davlatlarning ilg‘or qonunchilik tajribasi o‘rganilgan hamda inobatga olingan. Qonunning qabul qilinishi kreditorlarning garovga qo‘yilgan mol-mulkka nisbatan huquqlari ustuvorligini ta’minlashga, mol-mulkka nisbatan qo‘yilgan ta’minlovchi choralar davlat ijrochisining qarorlari asosida bekor qilinishiga, kredit tashkilotlarining muammoli aktivlar ulushini kamaytirishga hamda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari samarali himoya qilinishiga xizmat qiladi.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida sud hokimiyati mustaqilligini va sudyalar daxlsizligini ta’minlash, odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish, fuqarolarning adolatli sudga bo‘lgan ishonchini oshirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar qabul qilingani ta’kidlandi.
Mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida ushbu qonun ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun jinoiy javobgarlik choralarini aniqlashtiruvchi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga esa sud binosida tartibni buzish tarzida sudga hurmatsizlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralarini belgilovchi, shuningdek,Iqtisodiy protsessual kodeks hamda Soliq kodeksiga soliq organi ishtirokidagi soliqqa oid nizolar ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilayotgani aytib o‘tildi.
Muhokama yakunida qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA