Vatanimiz tarixidagi 9 avgust sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1882 yil (bundan 143 yil oldin) – Turkiston general-gubernatori devonxonasi o‘lka bosh boshlig‘ining topshirig‘i bilan Chimkent uyezdining Sayram qishlog‘ida topilgan Sharq kumush tangalari xazinasini Peterburgdagi Arxeologiya hay’atiga yubordi. Hay’at bu tangalarni o‘rganib chiqib, ularni noyob deb topdi va xazinani topgan odamga o‘sha davr hisobida 113 so‘m 70 tiyin berishga qaror qildi. Arxeologiya hay’ati raisi 1882 yil 14 dekabrda Turkiston general-gubernatori M.Chernyayevga yozgan xatida xazinani topgan kishiga tegishli pulni jo‘natganligini xabar qilib, yana shunday degan: “Sizga ishonib topshirilgan o‘lkada tasodifan topilgan tangalar xazinalari va osori atiqalarini bundan keyin ham Hay’atga yuborib turishingizni Siz janoblaridan o‘tinib so‘rayman”.
1913 yil (bundan 112 yil oldin) – Xiva xonligida hukm surgan murakkab sharoitda xonlikning ko‘plab mas’uliyatli ishlarini o‘z zimmasiga olgan, ilm-fan va ma’rifatga homiylik qilgan bosh vazir, yetuk davlat arbobi Islomxo‘ja 41 yoshida hayotdan bevaqt ko‘z yumdi. 8 avgust kuni kechqurun davlat ishlaridan charchagan Islomxo‘ja Nurullaboy saroyidagi mahkamasidan chiqib, Tozabog‘dagi yangi uyiga qaytdi. U tushgan yumshoq o‘rindiqli faeton arava Rafanik bog‘idan o‘tib, O‘g‘lon aziz qabristoni machitiga yaqinlashganda, bir guruh yovuzlar hujumiga uchradi. Yo‘lto‘sarlar aravakashni chavaqlab, Islomxo‘janing qorniga ham xanjar sanchadilar. Og‘ir yarador bo‘lgan aravakash bir ilojini qilib, Islomxo‘janing uyiga yetib boradi va bo‘lgan voqeani aytib beradi. Qabristondagi mozorlar orasidan topilgan Isloxo‘janing jasadi ertasi kuni Sirchali yoni bo‘yidagi Moxiro‘yi jahon maqbarasiga – otasining qabri yoniga dafn qilinadi.
Tarixchilar Otamurod Qo‘shjonov va Ne’matjon Polvonovlarning qayd etishlaricha, Islomxo‘janing yonida qimmatbaho buyum va ko‘p miqdorda pullari bo‘lishiga qaramasdan qotillar uning cho‘girmasidan (oliy navli barra terisidan tikilgan telpakdan) tashqari biror narsasiga tegmaganlar. Cho‘girmasini ham irim-sirim maqsadida olib ketganlar. Chunki o‘sha vaktda xivaliklarda shunday irim bor ekanki, agar qatl qilinganning cho‘girmasidan bir parchasi kuydirilsa, jinoyatchining o‘zi kelib kotilligini tan olar ekan. Mana shunday vokea yuz bermasligi uchun qotillar bosh vazirning boyligiga tegmay, birok cho‘girmasini olib ketishni unutmaganlar, degan gap-so‘z yurardi xalq orasida.
Ma’lumot o‘rnida qayd tish joizki, 26 yoshida bosh vazir bo‘lgan Islomxo‘ja keyingi 15 yil davomida juda katga ishlarga boshchilik qildi. Xonlikda sanoat va qishloq xo‘jaligi ishlarini yo‘lga qo‘yish, savdo-sotiqni rivojlantirish va madaniy hayotni jonlantirish ishlariga katta e’tibor berdi. Islomxo‘ja juda katta qurilish va ma’rifiy ishlarning boshida turdi. Islomxo‘janing xonlikda obro‘si kundan kunga oshib bordi.
1949 yil (bundan 76 yil oldin) – san’atshunos olim, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi Akbar Hakimov tavallud topdi. Uning ilmiy ishlari O‘rta Osiyo badiiy hunarmandligi masalalarini o‘rganishga bag‘ishlangan. U 2000 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.
1973 yil (bundan 52 yil oldin) – O‘zbekiston hukumatining qarori bilan respublikamizdagi madaniy meros ob’ektlariga boy 10 shahar – Toshkent, Buxoro, Samarkand, Xiva, Shahrisabz, Kattaqo‘rg‘on, Karmana, Qo‘qon, Qarshi, G‘ijduvon tarixiy shaharlar ro‘yxatiga kiritildi va bu shaharlarning tarixiy markazlari va qo‘riqxonalari hududidagi barcha yangi qurilish, qayta qurish va boshqa ishlar Madaniyat vazirligi va Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan holda rejalashtirish va amalga oshirish kerakligi belgilandi.
2007 yil (bundan 18 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi bilan YUNESKO o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishdagi katta xizmatlari, o‘zbek xalqining boy madaniy, ma’naviy va tarixiy merosini keng xalqaro jamoatchilik orasida faol targ‘ib qilgani, shuningdek ta’lim, fan va madaniyat sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Maykl Barri Leyn “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi tashkil etildi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida «Xalqaro matematika maktabi»ni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Transport to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonunning maqsadi transport sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Aziz-ayol.uz» yagona interaktiv milliy platformasini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent metropolitenining yer usti yo‘li bekatlariga nom berish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga asosan, Toshkent metropoliteni “O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz yilligi” yer usti metro halqa yo‘lining “Do‘stlik-Qo‘yliq” yo‘nalishi 1 – 14 bekatlariga, “Chilonzor” yo‘lining “Olmazor-Sergeli” yo‘nalishi 1 – 5 bekatlariga (jami 19 ta bekat) nom berildi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA