Qonun loyihasiga sharh
Yurtimizdagi mavjud ko‘p qavatli uylarning 17 mingtasi 2-3 qavatli bo‘lib, ularning 343 tasi avariya holatida, texnik jihatdan yaroqsiz hisoblanadi. Tahlillarga ko‘ra, mazkur 2-3 qavatli uylar o‘rnida 7-9 qavatli 13,5 mingta zamonaviy uy-joy qurish imkoniyati mavjud. Bu esa hozirgi hududda taxminan 3 barobar ko‘p aholini uy-joy bilan ta’minlash imkonini beradi.
Bu kabi eskirgan, foydalanish uchun yaroqsiz va avariya holatidagi uy-joylarni qayta qurish, ya’ni renovatsiya qilish orqali shahar va mahallalarni obodonlashtirish mumkin. Ammo ko‘p hollarda uy-joyi renovatsiyaga tushgan aholi vakillari xavotirga tushadi.
Endilikda “uy-joysiz qolamizmi, uyimiz olib qo‘yiladimi” degan xavotirlarga o‘rin yo‘q. Chunki, ushbu sohadagi munosabatlarning huquqiy asoslari yaratilmoqda. Ya’ni, “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, parlament quyi palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Xo‘sh, mazkur hujjat loyihasida eskirgan uylar o‘rnida yangilarini barpo etishning qanday tartib-qoidalari belgilanmoqda? Ayniqsa, uyi buzilishga tushgan aholining uy-joy ta’minoti qay darajada e’tiborga olinadi? Buzib, qayta quriladigan hududlardagi yashillikni saqlab qolish va yangi yashil zonalarni barpo etish masalalari inobatga olinyaptimi?
Shu kabi savollar doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nuriddin Sultonov mazkur qonun loyihasini sharhlab berdi:
— “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasida shaharsozlik renovatsiyasi asoslari va maqsadlari, majburiy shartlari, asosiy prinsiplari, renovatsiya bosqichlari belgilanmoqda. Renovatsiyani kimlar amalga oshirishi mumkin, degan savolga loyihada aniq javob keltirilgan. Ya’ni, renovatsiya davlat tomonidan, shuningdek, investor hamda o‘sha hududda yashovchi mulk egalari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Renovatsiyaga tushgan hududning kamida 25 foizi yashil hududdan iborat holatda barpo etilishi nazarda tutilyapti.
Bundan tashqari, mulkdorlarga kompensatsiya to‘lab berish shakllari ham ochib berilmoqda. Ya’ni, mulk egasiga eski uyining hajmidan kam bo‘lmagan, tayyor ta’mirlangan xonadon pastki qavatdan berilishi belgilanmoqda. Yoki uyning bozor qiymatidagi bahosida pul to‘lab beriladi yoxud boshqa hududdan joy beriladi.
Renovatsiya qurilish muddati 2 yil etib belgilanmoqda. Bu muddatda ijarada yashab turgan aholi vakillarining ijara puli ham to‘lab berilishi nazarda tutilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/EAwTK415goY" title="Renovatsiya: “Uy-joysiz qolamizmi”, degan xavotirlarga o‘rin yo‘q" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova, Iskandar Ismatov (video+montaj), O‘zA