Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliygohlar bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari rektorlar vakolatini kengaytirish va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilish zarurligini ta’kidladi.
Endilikda “Yangi O‘zbekiston” universitetining baholash tizimi boshqa oliygohlarda ham yo‘lga qo‘yiladi.
Moliyalashtirish oliygohlar to‘plagan ballariga qarab amalga oshiriladi.
Oliygohlarga bitiruvchilar bandligiga qarab – 40 ball, ilmiy tadqiqotlar uchun tarmoq buyurtmasi va mahsulotini sotishiga qarab – 30 ball, ilmiy salohiyati, tan olingan xalqaro jurnallardagi maqolalari uchun – 20 ball; tadqiqotlar uchun jalb qilgan mahalliy va xorijiy grant uchun 10 ballgacha beriladi.
Masalan, Qarshi texnika universiteti jami ballarning 85 foizini to‘plasa, bu yilgi byudjetdan berilayotgan 78 milliard so‘mga qo‘shimcha 20 foizlik bonus beriladi. Agar 56 foizdan kam to‘plasa, keyingi o‘quv yiliga moliyalashtirish qisqaradi.
Milliy universitet, Irrigatsiya kabi ilmiy oliygohlar, Madaniyat va san’at, Konservatoriya kabi ijtimoiy oliygohlarni texnika yo‘nalishidagi amaliy oliygohlar bilan tenglashtirib bo‘lmasligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga reyting mezonlarini ishlab chiqishda buni ham hisobga olish topshirildi.
O‘zA