Mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida keng qamrovli islohotlar izchil davom etmoqda. Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 3 yanvarda “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qabul qilgan qaror bu borada dasturamal bo‘ldi. Mazkur qaror asosida Xorazm viloyatida ham xavfsiz muhitni yaratish yo‘lida yangi tizim joriy etilmoqda.
Endi aholi gavjum joylarda “tashvish tugmalari” orqali tezkor yordam chaqirish imkoni yaratilyapti. Joylarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xorazm viloyat qo‘riqlash boshqarmasi faoliyatida ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. Masalan, 2024 yil avgust oyida qo‘riqlovdagi ob’ektlar soni 2 ming 772 tani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil avgust oyida bu ko‘rsatkich 5 ming 18 taga yetgan — ya’ni 81 foizga oshgan. Shu bilan birga, qo‘riqlovga qabul qilingan xonadonlar soni o‘tgan yili avgust oyida 2 ming 131 ta, joriy yilning shu oyida esa 5 ming 860 taga yetgan. Bu esa 175 foizlik o‘sish darajasini ko‘rsatadi.
[gallery-24650]
– Endilikda Qo‘riqlash boshqarmasi xodimlari mulkiy jinoyatlarning oldini olish bilan bir qatorda, jamoat joylarida xavfsizlikni ta’minlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha ham samarali faoliyat yuritmoqda. Shu maqsadda Urganch shahri va Urganch tumanidagi bozorlar, istirohat bog‘lari hamda aholi gavjum joylarga 32 ta maxsus "Tashvish tugmasi" o‘rnatildi, – deydi Xorazm viloyat qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘i, Bahodir Hasanov. – Bu tugmalar orqali fuqarolar hududda sodir bo‘layotgan shubhali holatlar yoki mojaroli vaziyatlar haqida ichki ishlar organlarini zudlik bilan xabardor qilishlari mumkin. Maxsus tugmalar soni shu yil oxirigacha 100 ta bo‘ladi.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, bu yangilik huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim qadam bo‘lib, tizim bosqichma-bosqich barcha tuman va shaharlarda joriy etiladi. Ayni paytda bu ishlar izchil ravishda amalga oshirilmoqda.
“Tashvish tugma”lari — bu nafaqat tezkor xabar berish vositasi, balki jamoat joylarida tartib va xavfsizlikni ta’minlashning zamonaviy usulidir. Eng muhimi, bunday tizim fuqarolarda huquqbuzarliklarga nisbatan befarq bo‘lmaslik tuyg‘usini uyg‘otadi. “Tashvish tugma”lari orqali kattami, kichikmi, har birimiz xavfsiz muhit yaratilishiga o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/CLgiF-S5Br8" title="“Tashvish tugma”lari o‘rnatilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat, video), O‘zA muxbirlari