Milliy matbuot markazida Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi tomonidan joriy yilning 7 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda qayd etilishicha, joriy yilning 7 oyi davomida respublika bo‘yicha jami 48,2 ming gektar qishloq xo‘jaligi toifasidagi yer maydonlari toifasi o‘zgartirildi. Jumladan, 18,56 ming gektari sanoat fondiga, 0,61 ming gektari aholi punktlari yerlari fondiga, 2,5 gektari Tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar fondiga, 1 ming gektari Tabiatni muhofaza qilishga mo‘ljallangan yerlar fondiga, 0,19 gektari O‘rmon fondi yerlariga, 27,84 ming gektari Suv fondi yerlariga o‘tkazildi hamda belgilangan tartibda yer hisobotlariga o‘zgartirishlar kiritildi.
Bugungi kunda jami ko‘chmas mulk ob’ektlari 8 ming 677 mingtani tashkil etmoqda.
[gallery-24645]
– 2024-2025 yillar davomida yurtimiz bo‘ylab 3 ming 878 ta mahalla xatlov rejasiga kiritilgan, – deydi Davlat kadastrlari palatasi bo‘lim boshlig‘i Sanjar Abdurazzoqov. – Shundan ayni kunlarda 1 ming 766 ta mahalla xatlovdan o‘tkazildi. Xatlov ishlariga 4,5 mingdan ortiq kadastr mutaxassislari jalb qilingan. 2025 yil 1 avgust holatiga 534 ming 956 ta ob’ekt xatlovdan o‘tkazildi. Shundan, 364 ming 130 ta hujjat UZKAD dasturiga kiritildi. 211 ming 548 ta ob’ekt hujjatlari “E’tirof” avtomatlashtirilgan tizimga o‘tkazilgan. Muhokamada turgan ob’ektlar soni 167 ming 52 tani, e’londagilari 19 ming 466 tani, rad etilganlari 2 ming 751 tani hamda mulkka bo‘lgan huquqlari e’tirof etilgan ob’ektlar 2 ming 916 tani tashkil qiladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Davlat kadastrlari palatasi tomonidan bugungi kunda aholiga 17 turdagi kadastr xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.
O‘tgan 7 oy davomida kadastr idoralari tomonidan ko‘rsatilgan kadastr xizmatlari 2 million 886,9 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 145 foizga oshgan. Shundan, Kadastr pasportini shakllantirish uchun kelgan murojaatlar soni 874,4 mingta bo‘lib, ijobiy yakunlanganlari 478,9 ming, jarayondagisi 51,8 mingta, rad etilganlar 343,7 mingtani tashkil etadi.
Ko‘chmas mulklarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun 1 million 119,5 mingta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan, ijobiy yakunlanganlari 626,7 mingta, jarayondagisi 70,4 mingta, rad etilganlari 422,4 mingtani tashkil etadi. Davlat kadastrlari palatasiga 7 oy davomida jami 85,5 mingta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ushbu hujjatlar belgilangan tartibda ijrosi to‘liq ta’minlandi. Shuningdek, rais va rais o‘rinbosarlari hamda hududiy boshqarma boshliqlari ishtirokida hududlarda 165 marotaba sayyor qabullar o‘tkazildi va qabuldagi murojaatlar o‘rnatilgan tartibda hal etildi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga mutaxassislar atroflicha javob qaytardi.
Sh.Mamaturopova, O.Pardayev (surat), O‘zA