Mamlakatimizda maktab ta’limi tizimini yangi bosqichga olib chiqish, bu borada samaradorlikka erishish ustuvor vazifalardan biri sanaladi.
Joriy yilning may oyida mazkur masalalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar xususida so‘z yuritib, bolajonlarning yozga ta’til davrini mazmunli tashkil etishda madaniy-ma’rifiy markazlar, sport-sog‘lomlashtirish maskanlari imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish lozimligini qayd etgan edi.
Xo‘sh, yurtimizda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida joriy etilgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida ommaviy sport musobaqalari soni qanchani tashkil etdi-yu, uning qamrovi qanday ko‘rinishga ega bo‘ldi?

Sport vazirligi Ommaviy sportni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Sherzod Olimov bu haqda O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.
–O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 noyabrda imzolangan “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va «Workout» sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturida yozgi ta’til davrida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Yozgi ta’tilni sport bilan o‘tkazamiz!” shiori ostida musobaqalar o‘tkazish belgilangan.

Joriy yilning iyul-avgust oylari davomida Sport vazirligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan mazkur shior ostida o‘quvchilarni sportga keng jalb etish maqsadida 254 ta sport maktablarida ommaviy sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkazildi. Ularga 58 ming nafar o‘quvchi jalb etildi. Shuningdek, 189 ta “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” nomli sport musobaqalari tashkil etilib, 11 ming nafar o‘quvchi qamrab olindi.
Bundan tashqari, “Yoz – 2025” loyihasi doirasida maktablarda o‘tkazilgan 3 ming 759 ta sport musobaqalarida 192 ming nafar o‘quvchilarning ishtiroki ta’minlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA