O‘zbekiston kasaba uyushmalari tashkil topganining 120 yilligi arafasida Sirdaryoda suv sporti bo‘yicha qizg‘in bellashuv bo‘lib o‘tdi. Respublika miqyosida tashkil etilgan ushbu musobaqa Guliston shahridagi suzish havzasida o‘tkazildi. Unda Toshkent shahri, Andijon va Jizzax viloyatlaridan tashrif buyurgan sakkiz yoshdan o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan sportchilar Sirdaryo mezbonligida mahorat sinovidan o‘tishdi.
45 nafar ishtirokchi uchta yosh toifasida kuch sinashdi. Har bir sportchining harakati diqqat bilan baholandi — texnik yetuklik, iroda va tayyorgarlik darajasi asosiy mezonlardan bo‘ldi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan musobaqa yakunida Andijonlik sportchilar uchinchi, jizzaxliklar ikkinchi, mezbon — Sirdaryo viloyati terma jamoasi esa faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ularning harakatlari nafaqat murabbiylar, balki tomoshabinlar va mutaxassislar tomonidan ham yuqori baholandi.

G‘olib va sovrindorlar Sirdaryo viloyati kasaba uyushmalari Kengashi hamda viloyat sport boshqarmasi tomonidan diplom, medal va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

– Musobaqa nafaqat g‘oliblarni aniqlash, balki yoshlar o‘rtasida suv sportini targ‘ib qilish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va hududlar o‘rtasida tajriba almashish uchun muhim maydonga aylandi, – deydi Sirdaryo viloyati kasaba uyushmalari Kengashi Madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo‘limi mudiri Xayrulla Aminov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri