Farg‘ona viloyati haqida gap ketganida u bog‘-rog‘lardan iborat so‘lim diyor, deyishadi. Bu aslida haq gap. Ammo viloyat hududining uchdan bir qismi tog‘, toshliqdan iborat qir-adirlar ekanini bilasizmi? U joylarda bir tup ko‘chat undirish uchun dastlab yerdagi toshlarni ne azobda yig‘ib-terib olish zarurligini, suv yetishmasligi uchun tik quduqlarni anchayin chuqurlikda qazish lozimligini-chi? Dehqon, bog‘bon bosiqlik bilan dastlab shu ishlarni amalga oshiradi. So‘ngra... bog‘ yaratadi.
Necha asrlik Quva adirlari kun sayin chekinib, o‘rnini bog‘larga, uzumzorlarga bo‘shatmoqda. Uni yaratayotganlardan biri “Garden” mas’uliyati cheklangan jamiyatidir.

– Umumiy maydonimiz 110 gektar, – deydi “Garden” MCHJ ish yurituvchisi Rustamjon Ortiqov. – Bundan 47 gektari uzumbog‘, 5 gektari baliqchilik, qolgan maydonimizga chorvachilik fermamizdagi 100 bosh qoramol, 300 bosh zotdor qo‘ylarga yem-xashak qilish uchun qora ekin – makka, beda ekiladi.
Ish yurituvchi Rustamjon Ortiqov kamtarlik bilan aytdi bu raqamlarni. Bir yilning o‘zida 110 gektar adirni o‘zlashtirish oson gapmi? Qolaversa, uning 47 gektariga eng noyob navli uzum ekib ko‘kartiribdilar.

– Bu yil “Avatar” navli uzum ekkanmiz. Yer quruq va toshliq bo‘lganligi sababli shu nav to‘g‘ri kelar ekan. Keyingi yilda mevasini ko‘ramiz, – deydi Rustamjon Ortiqov. – Biz nega “Avatar”ni tanladik? Birinchidan, serhosil, ikkinchidan, serdaromad. Bu O‘zbekiston uzum bozorida yangilik.
Ha, “Avatar” navi O‘zbekiston uzumchiligida yangilik. Tadbirkor-bog‘bon 47 gektarda urug‘idan olingan ko‘chatni ekib undirib olishga erishgan. Buning uchun dastlab tomchilatib sug‘orishni tashkil qildi. Har uch metrda, uch metr qator oralig‘i bilan 47 gektardagi 51183 tup ko‘chat ostiga tomchilatib suv olib keldi.

To‘g‘ri, dastlab tik quduq qazidi, zarur sig‘imdagi suv havzasi qurdi, xorijiy suv haydash uskunalarini o‘rnatib ishga soldi. Tinimsiz va uzluksiz mehnat qildilar. Mana natijasi: ko‘chat bexato gurkirab o‘smoqda.
“Garden” mas’uliyati cheklangan jamiyati yana bir yangilikka qo‘l urdi. 47 gektar uzumzorga to‘lig‘icha quyosh panellari o‘rnatilmoqda.

– Har bir ustundagi quyosh paneli 0,63 kilovatdan elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Jami 5 megoVatt bo‘ladi. Buni qo‘shimcha daromad olish maqsadida qildik, – deydi Rustamjon Ortiqov.
5 megoVatt elektr energiyasi bog‘ning barcha harajatini qoplab tadbirkorga yana ... keling, uning kutilayotgan daromadini hisoblamaylik. Lekin shunisi ayonki, quyosh panellari keltiradigan daromad unga qilingan harajatni ikki yilga yetmay qoplaydi. So‘ngra sof daromad keltira boshlaydi.
Ha darvoqe, 110 gektarda kamida 110 ta yangi ishchi o‘rni yaratilyapti. Tadbirkor ular uchun shu yerda yashab ishlashiga eng qulay sharoitlar yaratdi. Ularga barcha qulaylikka ega uy-joy qurib bermoqda.
“Garden” mas’uliyati cheklangan jamiyatini yangi O‘zbekistonning yangi bog‘boni deyish mumkin.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Z17AkYvWfXI?si=o8GYykcjmFnPNzWZ" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video,surat),
O‘zA muxbirlari