Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva BMTning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida muhim uchrashuvlar o‘tkazdi.
Konferensiya munosabati bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo davlatlari hamda Ozarbayjon milliy kunlariga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida Gurbanguli Berdimuhamedov nomidagi Homiylikka muhtoj bolalarga ko‘maklashish xayriya jamg‘armasining Tibbiy faoliyat bo‘yicha vitse-prezidenti Og‘uljaxon Atabayeva bilan uchrashuv bo‘ldi.
Samimiy bo‘lib o‘tgan muloqotda xalqlarni birlashtirib turadigan ko‘p asrlik do‘stlik davlat rahbarlarining faol sa’y-harakatlari tufayli izchil mustahkamlanib, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilayotgani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada faollashtirish hamda hamkorlikda madaniy tadbirlarni muntazam o‘tkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
***
Portugaliya Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi Ana Izabel Ksaver bilan uchrashuvda O‘zbekistonning bugungi investitsiyaviy rivojlanish sur’atlari yuqori baholandi.

I.Ksaver ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Muloqot chog‘ida ta’lim, turizm va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, hududlararo aloqalarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Portugaliya Yevropa Ittifoqi doirasida O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlik qilayotgan mamlakatlardan biri ekani ta’kidlandi. Tomonlar xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini yanada kuchaytirish borasida kelishib oldi.
N.Abduraimova,
O‘zA