Vatanimiz tarixidagi 7 avgust sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1230 yil (bundan 795 yil oldin) – Arzinjon yaqinidagi Yassi Chaman tog‘i yonidagi pasttekistlikda Ko‘niyo sultoni Aloiddin Qayqubod I ning saralangan 3 ming kishilik qo‘shini bilan Jaloliddin Manguberdining unga qarshi yuborgan 700 kishilik ilg‘or harbiy qismi uchrashdi. O‘rtada bo‘lib o‘tgan jang Qayqubod I qo‘shinining butunlay tor-mor keltirilishi bilan yakunlandi. Biroq hal qiluvchi jang oldinda edi. Ittifoqchilar qo‘shini Xorazmshoh qo‘shiniga qaraganda deyarli 3 barobar ko‘p edi.
1908 yil(bundan 117 yil oldin) – Turkiston o‘lkasidan tashqarida va uning hududida josuslik haqidagi masalani ko‘rib chiqish uchun tuzilgankomissiyaning dastlabki yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tarixchi Shuxrat Muxamedovning qayd etishicha, yig‘ilish musulmonlar o‘rtasidagi aqliy faoliyatga oid oqimlar va mahalliy aholini boshqarishning salbiy jihatlari masalasiga bag‘ishlangan.
1929 yil (bundan 96 yil oldin) – CCCR oliy boshqaruv organi va hukumatining arab yozuvini lotinlashtirish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Umuman, o‘zbek yozuvini lotinlashtirish g‘oyasi 1921 yilda o‘zbek tili va uning imlosiga bag‘ishlangan birinchi Turkiston o‘lka qurultoyida o‘rtaga tashlangan, ammo ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan edi. Lekin arab imlosini o‘zbek tiliga moslashtirish murakkabligi uchun mutaxassislar uni yengillashtirish yo‘lini izladilar. Kengash ishtirokchisi Abdurauf Fitrat o‘z nutqida arab grafikasini bosmalashda va qo‘llashda bir qator qiyinchiliklar borligini ko‘rsatib o‘tdi va uni soddalashtirish zarurligini taklif qildi. Ammo keyinchalik Fitrat o‘z fikrini o‘zgartirib, o‘zbek yozuvini lotinlashtirish tarafdori bo‘lgan.
1932 yil (bundan 93 yil oldin) – CCCR oliy boshqaruv organi va hukumati “Davlat korxonalari, kolxozlar va matlubotlar hamda jamoat (sotsialistik) mulkini mustahkamlash to‘g‘risida” qaror chiqardi. Aholi o‘rtasida “besh boshoq haqida qonun” nomi bilan “mashhur” bo‘lgan bu qaror sovet davlati yuzidagi oq niqobni butunlay olib tashladi.
Akademik Naim Karimovning qayd etishicha, “och dehqonlarga qarshi kurash uchun” qabul qilingan bu qaror davlat va jamoat mulkini o‘g‘irlagani uchun o‘lim jazosi beriladigan jinoyatlar bilan tenglashtirdi. Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi “uchlik”lariga o‘lim haqidagi hukmlarni siyosiy byuro tasdig‘isiz ijro etish ijozati berildi. Donni o‘g‘irlagani uchun har qanday kolxozchi o‘n yil oladigan bo‘ldi. Hattoki manaman degan sudyalar ham bir necha boshoqni o‘g‘irlagan dehqonni o‘n yilga lagerga yuborish uchun qo‘l ko‘tara olmadilar.
1932 yil (bundan 93 yil oldin) – endigina 22 yoshga kirgan shoir Mirtemir sovetlarning siyosiy idorasi tomonidan qamoqqa olindi. “1932 yilning 7 avgust kechasi soat birda siyosiy idora tomonidan qamoqqa olindim. Uyda onam, singlim, inim, o‘rtog‘im va qizalog‘im qoldi” deb yozadi Mirtemir esdaliklarida. “O‘sha mudhish kun... Mirtemirning kitob va qo‘lyozmalarini olib ketmoqchi bo‘lishdi. Shunda uning jaxldi chiqib, bu qo‘lyozmalar orasida menga bag‘ishlangan she’rlar ham borligini, ularni menga qoldirishlari lozimligini aytdi. Lekin bunga parvo ham qilmadilar. Shoirning kitob va qo‘lyozmalarini hafsala bilan to‘pladilar-da, choyshabga o‘rab, o‘zlari bilan birga olib ketdilar”, - deydi shoirning rafiqasi Halima Rahimova.
Mirtemir turmaga keltirilgan kundan boshlab qanday aybi borligini aytishlarini talab qila boshladi. Ammo to‘qqiz kungacha “aytamiz” deb “sukut saklab” yuraverdilar. Uni “Samarqanddagi yashirin aksilinqilobiy tashkilot rahbari Botu bilan aloqadorlik” va “millatchilik ruhidagi she’rlari uchun” uch yillik qamoq jazosiga hukm qilishadi. Shu tariqa qatag‘onga uchragan Mirtemir 1935 yil yanvarida azob-uqubatlardan qutulib uyiga qaytadi.
2008 yil (bundan 17 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish xayriya jamg‘armasini tashkil qilish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2014 yil (bundan 11 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent davlat sharqshunoslik instituti huzurida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazi faoliyatini tashkil etish hamda kutubxonaning yangi binosi qurilishini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kunini nishonlash to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi. Unga muvofiq, 2017 yildan boshlab avgust oyining ikkinchi yakshanba kuni «O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni» deb e’lon qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Probatsiya to‘g‘risida”, “Elektr energetikasi to‘g‘risida”, “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida” Qonunlari qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sanoat sohasida nufuzli xalqaro brendlar bilan hamkorlikni rivojlantirish va milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV, O‘zA