Suv – obi hayot. Bu muhokama qilinmaydigan haqiqat. Suvning yana bir xislati bor. U hayot farovonligi omilidir.
Quva tumani hududidagi Karkidon suv ombori atrofi ko‘p yillardan buyon qarovsiz edi. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan bu yerda juda katta bunyodkorlik ishlari boshlandi. U turizm maskaniga aylantirilib o‘n ming ichki va xorijiy sayyoh maroqli dam olishi mumkin bo‘lgan majmua sifatida qurilyapti. Bosh loyihaga ko‘ra suv ombori atrofida...

– Hovuzlar, ovqatlanish va muzqaymoq shoxobchalari, selfi maydonchalari bo‘ladi. Zamonaviy “Motokross”, “Safari” maydonlarini tashkil qilish rejalashtirilgan, – deydi Farg‘ona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Bahodirjon Xo‘jamatov. – Gul bog‘imiz hududida plyaj maydoni tashkil etiladi. Bundan tashqari, xitoylik hamkorlarimiz suv ombori ustidan 2 kilometr uzunlikda osma yo‘l qurilishi ishlarini amalga oshirishi rejalashtirilgan.
Bu ishlar boshlanganiga ko‘p bo‘lmadi. Lekin binolar asta bo‘y ko‘rsatyapti. Manzarali daraxtlar ko‘rkamlik bera boshladi. Shu o‘rinda suv ombori atrofi toshloq qir-adirdan, past-balandlikdan iboratligini alohida aytish lozim. Ularni obodonlashtirish, suv bilan ta’minlash uchun bir necha tik quduqlar qazildi. Hozir ham qazilmoqda. So‘ngra suv qir tepaligiga bir necha bosqich nasoslarda ko‘tarilib, daraxtzorlar ostiga tomchilatib sug‘orish usulida olib kelinyapti. Chunki ekoturizm ham nazarda tutilgan.

– 250 gektardan ortiq hududga master reja ishlab chiqilgan. Loyihalar tayyorlangan, – deydi Bahodirjon Xo‘jamatov. – Atrofdagi 300 gektar maydonda yashil makon tashkil etilib, zarur infratuzilmalar, qurilish ishlari boshlandi. 10 gektar hududda gulbog‘ tashkil etish, 30 gektar maydonda ekoturizm tashkil etish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda.
Sayyohlik markazidagi o‘n gektarlik gulbog‘ga dunyoning eng go‘zal, noyob gul ko‘chatlari olib kelish haqida shartnomalar imzolandi. Xitoylik hamkorlar bu vazifani zimmasiga oldi.

Karkidon oromgohiga kelganlar maroqli dam olishi uchun akvapark tashkil etiladi. Ular yashashi uchun esa turli toifadagi mehmonxonalardan tortib suv chetiga qo‘yiladigan kapsula uylargacha bo‘ladi.
– 200 o‘rinli mehmonxona, 6 sotixli hovlisi bo‘lgan 2 qavatli kottej tipidagi uy mehmonxonalar qurilish ishlari boshlangan, – deydi Bahodirjon Xo‘jamatov.

Ayni chog‘da Karkidon majmuasiga olib boradigan yo‘llar kengaytirib asfaltga tayyorlanmoqda. Ikki chetda esa piyodalar uchun yo‘laklar qurilyapti.
Toshkentda Chorvoq majmuasi bo‘lsa, Farg‘onaning undan qolishmaydigan Karkidon sayyohlik markazi bo‘ladi va u kelgusi yildan dam oluvchilarni qabul qilishni boshlaydi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4bLgfbEcWQA" title="“Chorvoq”ning Farg‘onadagi raqobatchisi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov