Mamlakatimizda mahsulotlar va texnologiyalarni mahalliylashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, energetika va yoqilg‘i sohasida milliy ishlab chiqarishni kengaytirish, tashqi bozorlarga bog‘liqlikni kamaytirishga doir tashabbuslar ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Bu jarayonda mahalliy korxonalar tomonidan erishilayotgan natijalar e’tirofga loyiq. Xususan, aviatsiya sohasi uchun sintetik yoqilg‘ining mahalliy sharoitda ishlab chiqarilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan qadamlar buning yaqqol misolidir. Yaqinda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida (FNQIZ) “Uzbekistan GTL” tomonidan ishlab chiqarilgan sintetik komponentlar asosida Jet A1 turidagi yoqilg‘isini seriyali ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Bu haqda “Saneg JetWhites” kompaniyasi direktori Azizbek G‘ayupov quyidagilarni ma’lum qildi:
– Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi va “Uzbekistan GTL” zavodi hamkorligida Jet A1 turidagi yarim sintetik aviakerosinning sanoatbop seriyali ishlab chiqarilishi boshlandi. Bu loyiha mamlakatda aviatsiya yoqilg‘isiga bo‘lgan talabni qoplash, tashqi bozorlarga bog‘liqlikni kamaytirish hamda yoqilg‘i xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Mazkur loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasida aviakerosinga bo‘lgan ichki talabni qoplash darajasini hozirgi 40-50 foizdan 70-80 foizgacha oshirish imkonini yaratadi.
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi “Uzbekistan GTL” korxonasida ishlab chiqarilayotgan sintetik kerosin komponentini qo‘shgan holda Jet A1 aviatsiya yoqilg‘isini seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Loyiha operatori sifatida mahalliy va import qilingan aviatsiya yoqilg‘isini sotishga ixtisoslashgan “Saneg JetWhites” kompaniyasi faoliyat olib bormoqda.
Loyihani amalga oshirish maqsadida Sanoat energetika guruhi mutaxassislari bosqichma-bosqich reja ishlab chiqdi hamda I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti bilan yarim sintetik aviakerosin namunalarini texnologik muvofiqlashtirish va sinovdan o‘tkazish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Tadqiqotlar xalqaro amaliyotda qabul qilingan malakaviy baholash usullari asosida olib borildi.
Sinov natijalariga ko‘ra, ijobiy xulosalar olindi hamda sanoat ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Bu esa FNQIZda ishlab chiqarilgan Jet A1 yarim sintetik kerosinni fuqaro aviatsiyasi havo kemalariga yoqilg‘i sifatida quyish uchun “O‘zaviatsiya” agentligi ma’muriyatining rasmiy ruxsatini olish imkonini yaratdi.
Aytish kerakki, Jet A1 yarim sintetik aviakerosini “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilgan sintetik komponent (40 foiz) va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilgan an’anaviy Jet A1 yoqilg‘isi (60 foiz) aralashmasidan iborat. Bunday kombinatsiya yuqori ekspluatatsion xususiyatlarni ta’minlaydi. Yonish sifati yaxshilanadi, termooksidlanish barqarorligi va xalqaro standartlarga muvofiqlik ta’minlanadi. Eng muhimi, bu mahalliy aviakerosin ishlab chiqarish hajmini 60 foizdan ko‘proqqa oshirish imkonini beradi.
Jet A1 yarim sintetik aviakerosinni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish mamlakatimizning yoqilg‘i xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sanaladi. Loyiha doirasida ichki talabning asosiy qismini qoplash va mahsulot texnologik salohiyatini oshirish maqsad qilingan. Birinchi bosqichda ishlab chiqarish hajmi oyiga 10 ming tonnagacha yetishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda bu ko‘rsatkichni 20-25 ming tonnagacha oshirish imkoniyati mavjud.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.