Qonun loyihasiga sharh
Yurtimizda bolalar huquqlarini himoya qilish, ularning ta’lim- tarbiyasi va salomatligini asrashga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Ayniqsa, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlash eng dolzarb masalalardan.
Yaqinda parlament quyi palatasida birinchi o‘qishda qabul qilingan “Bolalarni ijtimoy himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bu boradagi ishlarni tizimlashtirishda muhim huquqiy asos bo‘ladi.
Mazkur qonun loyihasida ko‘zda tutilayotgan normalar haqida deputat Umida Rahmonova batafsil gapirib berdi:
— O‘zbekistonda voyaga yetmaganlarning huquqlarini ta’minlash yil sayin takomillashib bormoqda. Chunki millatimiz azaldan bolajon xalq. Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning ta’lim olishi, tarbiyalanishi va sog‘lig‘ini saqlashning kafolatini ham davlat o‘z zimmasiga olgan. Bu Konstitutsiyamizda ham belgilab qo‘yilgan.
Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yaxshilashga qaratilgan mazkur qonun loyihasi bilan aynan mana shunday bolalarning huquqlarini himoya qilish masalasi ko‘zda tutilmoqda.
Amaliyotda voyaga yetmaganlarning huquqlari bilan ishlaydigan juda ko‘p tashkilotlar bor. Qaysidir tashkilot voyaga yetmaganlarni vasiylik va homiylikka berish bilan, qaysidir tashkilot esa ta’limi, tarbiyasi bilan yoki sog‘lig‘i bilan shug‘ullangan. Mana shu tarqoq tizimni umumlashgan bir tizimga birlashtirish ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligiga yordam beradi.
Shu maqsadda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarni aniqlash, ro‘yxatga olish va ularni munosib tarzda joylashtirish vakolati Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yuklatilmoqda. Voyaga yetmaganlarga nisbatan vasiylik va homiylikni belgilash shu vaqtgacha hokimlar zimmasida edi. Endilikda esa bu vakolat “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining direktorlariga berilmoqda.
Shuningdek, bolaga tarbiya, ta’lim va tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mas’ul shaxs o‘z vazifasini bajarmasa, ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Zimmasiga yuklatilgan majburiyatni lozim darajada bajarmagani uchun vasiylik, homiylik yoki tutingan ota-onalik vazifalarini bajarishdan chetlashtirilgan shaxslarga bolalar farzandlikka berilmasligi va ular vasiy yoki homiy etib tayinlanmasligi ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, pedagoglar voyaga yetmagan shaxslarga ta’lim-tarbiya berish borasidagi majburiyatlarini bajarmagani uchun bir yil davomida takroran ma’muriy javobgarlikka tortilgan taqdirda ularning ta’lim tashkilotlarida pedagoglik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlanmoqda.
Umuman, qonun loyihasida ko‘zda tutilayotgan normalar bola huquqlarini kafolatlash, ularning sog‘lom va barkamol bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/BB6WIDqROYA" title="Bolaning ta’lim-tarbiyasi va sog‘lig‘iga mas’ullar o‘z vazifasini bajarmasa, javobgar bo‘ladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova,
Iskandar Ismatov (videomontaj), O‘zA