Yong‘in shiddat bilan tarqaladigan, bir zumda alanga olib, ho‘lu quruqni ayamay domiga tortadigan tilsiz yovdir. Uning oqibatlari ayanchli va og‘ir bo‘lishi, moddiy boylik, mol-mulk va tabiatga, eng achinarlisi, inson hayoti va salomatligiga ziyon yetkazishi mumkin.
Shu yil yoz mavsumi boshlanganidan buyon bir necha bor o‘rmon va tog‘li hududlarimizda yong‘inlar sodir bo‘ldi. Xususan, 23 iyul kuni soat 15:52 da Surxondaryo viloyati Sherobod tumani «Qizilolma» mahallasi hududida joylashgan Surxon davlat qo‘riqxonasiga qarashli hududda yirik yong‘in yuzaga keldi.
24 iyul kuni esa Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligining Jurakbau o‘rmon bo‘limida taxminan soat 11:20 larda yong‘in chiqqan va soat 12:30 larda qurshab olingan.
Yana 31 iyul soat 13:00da Burchmulla o‘rmon xo‘jaligiga qarashli qir- adirlikda yong‘in sodir bo‘lib, quruq o‘t yonayotgani to‘g‘risida viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushgan.
Achinarlisi, ushbu o‘rmon yong‘inlari oqibatida bir necha gektar hududlardagi dov-daraxtlar, buta va archalar, o‘t-o‘lanlar nobud bo‘ldi, hayvon va qushlarga ziyon yetdi.
Bu kabi o‘rmon yong‘inlarining kelib chiqish sabablari nimada? Ularni bartaraf etish bo‘yicha mavjud imkoniyatlarimiz qanday?
Shu kabi savollar bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Samandar Hikmatullayevga murojaat qildik.

– O‘rmon yong‘inlari tezkorligi va shiddatli tus olishi bilan ajralib turadi, — deydi Samandar Hikmatullayev. — O‘rmon yong‘inlarining eng asosiy sababchilari inson omilidir. Sayyohlar, dam olishga chiqqan insonlar tomonidan qoldirilgan turli chiqindilar — shisha idishlar, suvi bilan qoldirilgan plastik idishlar, batamom o‘chirilmagan tamaki qoldiqlarining tashlab ketilishi, shuningdek, gulxan yoqilishi kabi holatlar ayanchli oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin. Masalan, shisha va baklashkalar quyosh nurini bir nuqtaga jamlab, lupa effektini hosil qiladi va yonish yuzaga keladi.
Tog‘li, o‘rmonzor hududda kislorod ko‘p, shamol esib turadi, asosan qiyaliklardan iborat. Bu esa yong‘inning tez tarqalishiga, shiddatkorligiga sharoit yaratadi. Ayrim yillar qurg‘oqchil keladi. Bu yil ham shunday kechdi — yog‘ingarchilik kam bo‘ldi. Bu esa o‘t-o‘lanlar qurib-qovjirab qolishiga va yong‘in yuzaga kelganda jadallashib ketishiga sabab bo‘ladi.
Tog‘li hududlarda yong‘inlarni qisqa fursatda o‘chirish biroz qiyin. Chunki aksariyat tog‘li hududlarda suv yo‘q, texnikalarning harakatlanishi esa imkonsiz.
Mamlakatimizda 2023 yilga qadar o‘rmon yong‘inlarida qutqaruv otryadlari bo‘lmagan. 2023 yildan boshlab Zomin va Bo‘stonliq tumanlarida o‘rmon yong‘inlarida qutqaruv otryadlari tashkil etilib, zarur texnika va vositalar bilan ta’minlandi.
23 iyul kuni Surxon davlat qo‘riqxonasida sodir bo‘lgan holat haqida to‘xtalsak, hudud aholisining aytishicha, oxirgi yuz yil davomida bunaqa yong‘in yuzaga kelmagan ekan. Taxminan 6 gektar maydonda quruq o‘t, buta va daraxtlar yongan. Yong‘inni o‘chirishga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mudofaa vazirligi xodimlari, harbiylar, bir qator mutasaddi tashkilot va idoralar vakillari, hudud aholisi jalb etildi. Yong‘in soat 22:25 da qurshab olingan va 24 iyul soat 00:35 da to‘liq o‘chirilgan.
Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoqlarda ertasi kuni ham yong‘in davom etayotgani haqidagi xabarlarga izoh bersam. Albatta, bunday ko‘lamdagi yong‘inda yaxshigina cho‘g‘ hosil bo‘ladi. Tog‘li hududdagi shamol va kislorod natijasida cho‘g‘ qayta alangalanib, ertasiga yana yong‘in boshlangan.
Burchmulladagi yong‘inda ham FVV hududiy organlari, Ugom-Chotqol Milliy tabiat bog‘ining xodimlari hamda harbiy xizmatchilar, Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi xodimlari jalb etildi. Asosan qo‘l kuchi bilan, qolaversa, Mudofaa vazirligining vertolyotlari hamda yong‘in o‘chirish ekipaji yordamida yong‘inni o‘chirish ishlari olib borildi, — deydi Samandar Hikmatullayev.
Darhaqiqat, o‘rmon yong‘inlari xavfliligi va o‘chirish imkoni biroz pastligi bilan ayanchlidir. Tabiiy ofatning yuzaga kelishi esa biz insonlar bilan bog‘liq ekanligi yanada achinarli.
Yashil hududlarda tilsiz yovning yuzaga kelishiga imkon yaratib berayotgan sayyohlar, dam oluvchilar o‘z qulayliklari bilan birga, avvalo, tabiatga ziyon yetkazmaslik haqida ham o‘ylashi lozim. Bu esa aholining ekologik madaniyati bilan chambarchas bog‘liqdir.
Ekologiyamizning yomonlashib borayotganidan bong uramiz, musaffo havo ilinjida adirligu tog‘larga, o‘rmonzorlarga talpinamiz. Ammo bu tabiiy hududlarni asrash, unga ziyon yetkazmaslik, chiqindixonaga aylantirmaslik haqida ham qayg‘urishimiz, tabiatga mas’ul ekanligimizni unutmasligimiz ham shart. E’tiborsizlik va madaniyatsizlik bilan tashlab ketilgan birgina shisha yoki plastik buyumlarimiz qanday ayanchli oqibatlarga sababchi bo‘lishi mumkinligini yodda saqlashimiz, tabiatni asrashimiz lozim.
Muhtarama Komilova, O‘zA