Elektr ta’minoti korxonasi va iste’molchi o‘rtasidagi munosabatlarda shaffoflikni ta’minlash, korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida tizimni raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati “Energosavdo” MCHJ Samarqand filiali boshlig‘i Asad Shukurovning qayd etishicha, hozir “E-dalolatnoma” rasmiylashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tuman va shahar elektr ta’minoti korxonalariga 158 dona planshet ajratilgan.


– Inspektorlar tomonidan har bir dalolatnoma ushbu planshetlar orqali tuzilib, tizimga kiritiladi, – deydi A.Shukurov. – Qog‘oz dalolatnomalardan farqli ravishda har bir dalolatnomaning hisobi yuritiladi, uning ijrosi ta’minlanadi. Bundan tashqari, hozirgi kunda Samarqand shahri va Samarqand tumanidagi inspektorlarga 54 ta bodi-kamera berilgan. Ularning iste’molchilar bilan muomala, muloqoti, joylarda o‘tkazgan o‘rganish ishlari ushbu kameralar orqali yozib olinadi. Ularni inspektor o‘chirib qo‘yishi yoki quvvati tugadi, degan bahona bilan foydalanmasligi mumkin emas. Har bir bodi-kamera viloyatdagi markazga ulangan va qayerda turgani, qancha quvvati borligigacha ma’lumotlar mavjud bo‘ladi. Mazkur tizim tajriba sifatida qo‘llanib, o‘zini to‘la oqladi, deyishga asoslarimiz bor. Shu bois kelgusi yilda viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi inspektorlarni shunday bodi-kameralar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.


“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali mas’ullarining qayd etishicha, joriy yilning olti oyida 3893 ta dalolatnoma rasmiylashtirilib, 186 milliard 361 million so‘m qayta hisob-kitob qilingan.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri