Ma’lumki, O‘zbekiston mineral-xomashyo salohiyati yuqori bo‘lgan davlatlardan biri sanaladi. Mamlakatimizda qimmatbaho va strategik minerallar zaxirasini o‘rganish, ularni qayta ishlash hamda sohada ilg‘or texnologiyalarni joriy etish ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda.
Bu jarayonda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, ayniqsa, xorijiy investorlar va yirik kompaniyalar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Aynan shu maqsadda Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turgan Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev rahbarligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi vakillari “China National Gold Group” kompaniyasi rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, xususan, qimmatbaho va strategik ahamiyatga ega mineral xomashyolar sohasida o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama etildi.
Muzokaralar yakunida tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Ural Yusupov hamda “China National Gold Group” kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjatga muvofiq, tomonlar istiqbolli maydonlarda geologiya qidiruv ishlarini amalga oshirish, konlarni o‘zlashtirish va qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish borasida hamkorlik qilishga kelishib oldi. Shuningdek, loyihalarni moliyalashtirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va mutaxassislar tayyorlash sohalarida ham hamkorlik ko‘zda tutilgan.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur anglashuv O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash bilan birga, respublikada tog‘-kon va geologiya sohasini rivojlantirishda yangi imkoniyatlarni yaratadi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA