BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAO Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti – Milliy tadqiqot universitetiga zamonaviy EM38-MK2 Ground Conductivity Meter – tuproq o‘tkazuvchanligini o‘lchash qurilmasini taqdim etdi.
Ushbu ilg‘or texnologiya ekologik muammolarga duch kelayotgan hududlarda tuproq va suv sifatini chuqur baholash imkonini beradi. Tadbir FAO va BMT Taraqqiyot dasturining Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirildi.

– Mazkur uskuna tuproqning elektr o‘tkazuvchanligi, magnit sezuvchanligini aniq va tez o‘lchash imkonini beruvchi zamonaviy vosita bo‘lib, u sug‘orishni ilmiy asosda rejalashtirish, yer resurslaridan samarali foydalanish va ekologik tiklash choralarini belgilashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi, – dedi loyiha milliy koordinatori Abdumalik Namozov.
FAO va Milliy tadqiqot universiteti o‘rtasidagi hamkorlik ilmiy tadqiqot va dala kuzatuvlarini kuchaytirishga xizmat qiladi. Topshirilgan texnologiya, shuningdek, sho‘rlanish, namlik darajasi hamda yer osti tuzilmalari haqida tez va ishonchli ma’lumotlar olish imkonini ham beradi.

Qurilma qishloq xo‘jaligi yerlarini tahlil qilish, umumiy tuproqshunoslik va boshqa ilmiy izlanishlarda keng qo‘llanishi mumkin. Olingan natijalar orqali sho‘rlanish, namlik miqdori hamda yer osti geologik tuzilmalari aniqlanadi. Bu esa ayniqsa Orolbo‘yi mintaqasida tuproq va suv resurslarini har tomonlama baholashda muhim rol o‘ynaydi.
FAOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi O‘zAga xabar berishicha, EM38-MK2 kabi zamonaviy diagnostika vositalarining joriy etilishi O‘zbekistonning ekologik muammolarga duch kelayotgan hududlarida barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan, ma’lumotlarga asoslangan yechimlar sari muhim qadamdir.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA