Mustaqillik – bu shunchaki tarixiy sana emas, balki har bir sohada o‘zgarishlar, hayot tarzidagi yuksalishlar, inson qadrini ulug‘lash sari tashlangan qadamdir. O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi arafasida mamlakat bo‘ylab, xususan Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ana shu ulkan mafkuraning amaliy ifodasidir.
Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan islohotlar “Inson qadri uchun”, “Yangi O‘zbekiston – xalq uchun” degan g‘oyalar asosida hayotga tatbiq etilmoqda. Bu faqat shior emas, balki hududlar taraqqiyotida, har bir mahallada yaratilayotgan sharoitlarda, har bir inshootda o‘z ifodasini topmoqda.
Jizzaxda barpo etilayotgan inshootlar ham ana shu jarayonning yaqqol guvohidir. 2024 yil 29 fevralda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 95-sonli qarori asosida 2025 yilda amalga oshirilayotgan “Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi” doirasida viloyatdagi ko‘plab muhim ob’ektlar joriy yilning avgust oyida foydalanishga topshirilmoqda.
[gallery-24618]
Ayniqsa, Jizzax shahar “Oqqo‘rg‘onlik” mahallasidan o‘rin olgan ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va 270 o‘rinli tug‘ruq majmuasi xalqimizning eng zarur ehtiyojlaridan biri bo‘lgan tibbiy xizmatga qaratilayotgan e’tibordan dalolat beradi. Bu yerda faqat binolar emas, balki inson hayoti va salomatligiga bo‘lgan yuksak g‘amxo‘rlik barpo etilmoqda. Mazkur loyiha “Agro kvant” MCHJ tomonidan qurilib, xalqimizning Eng ulug‘, Eng aziz bayrami – Mustaqillik arafasida foydalanishga topshiriladi.
Shu hududda yakunlash arafasida bo‘lgan yana bir muhim ob’ekt — viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasidir. Bu yerda joriy etilayotgan yuqori texnologiyali oftalmologik xizmatlar Jizzax aholisiga joyida, sifatli va tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini yaratadi. Bu esa mustaqillik tufayli har bir inson sog‘lig‘i davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Yana bir salohiyatli loyiha — Jizzax shahar “Toshloq” mahallasidan joy olgan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax viloyati filialidir. 250 o‘rinli davolash va yordamchi binolarni qamrab olgan bu majmua zamonaviy shoshilinch tibbiy yordam tizimi uchun mustahkam poydevor bo‘ladi. “Ergohaus” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan bu qurilish inson hayotidagi eng nozik, tezkor yechim talab etadigan vaziyatlarda ham zamonaviy infratuzilmaning ahamiyatini ko‘rsatadi.
Adolat va qonun ustuvorligi — bugungi siyosatning asosiy mezonlaridan biri. Shu ma’noda, Jizzax viloyati sudlari majmuasi — jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha alohida binolarda tashkil etilayotgani, zamonaviy sudlov tizimiga bosqichma-bosqich o‘tilayotganidan dalolat beradi. Bu jamiyatda adolat va shaffoflikka bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi.
Yoshlar kelajagi, ta’lim sifatining yuksalishi esa islohotlarning uzoq muddatli strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universiteti huzurida qurilayotgan 2500 o‘rinli o‘quv binosi va 600 o‘rinli talabalar turarjoyi — nafaqat ta’lim sifati, balki yoshlarning ruhiy barkamolligi uchun ham qulay muhit yaratishga qaratilgan. Ushbu inshoot yangi o‘quv yilida talabalarni bag‘riga olishga tayyorligi bilan alohida tahsinga sazovor.
Bundan tashqari, Sharof Rashidov tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida joylashgan 200 qatnovli oilaviy poliklinika, 1680 o‘rinli zamonaviy umumta’lim maktabi hamda Davlat test markazi filiali ham aynan Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi belgilangan. Bu ob’ektlar orqali aholiga, ayniqsa yoshlarga yanada qulay, qulaygina emas — munosib hayot sharoiti taqdim etilayotganini ko‘rishimiz mumkin.
Bir qarashda bu qurilishlar shunchaki yangi binodek tuyulishi mumkin. Ammo aslida, ular har bir sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning yorqin ifodasi, mustaqillikning amaldagi natijasidir. Bu — har bir fuqaroning qadrini bilish, uning hayotini yaxshilash, orzu-umidlariga munosib muhit yaratish demakdir.
Jizzaxda barpo etilayotgan inshootlar — bu yoshlarga bilim, bemorlarga shifo, xalqqa adolat va har bir fuqaroga munosib hayot sari ochilgan yo‘ldir. Va bu yo‘l — mustaqillik tufayli barpo etildi.
Yurtning ravnaqi, elning farovonligi uchun bunyod etilgan har bir inshoot ortida g‘amxo‘rlik, mas’uliyat va buyuk kelajakka bo‘lgan ishonch mujassamdir.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari