Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yaxshilashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi bilan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarni aniqlash, ro‘yxatga olish va ularni munosib tarzda joylashtirish vakolati Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yuklatilmoqda.

Bolaga tarbiya, ta’lim va tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mas’ul shaxs o‘z vazifasini bajarmasa, ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek, vasiy yoki homiy tayinlash vakolatini hokimdan "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari direktorlariga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.

Loyihada notariuslar zimmasiga bolani farzandlikka berish (olish), bolani vasiylikka yoki homiylikka berish haqida arizadagi imzoning haqiqiyligini shahodatlash bo‘yicha murojaat qilingani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga taqdim etib borish majburiyatini yuklatish belgilanmoqda.
Shu bilan birga, zimmasiga yuklatilgan majburiyatni lozim darajada bajarmaganligi uchun vasiylik, homiylik yoki tutingan ota-onalik vazifalarini bajarishdan chetlashtirilgan shaxslarga bolalar farzandlikka berilmasligi va ular vasiy yoki homiy etib tayinlanmasligi ko‘zda tutilmoqda.

Pedagoglar voyaga yetmagan shaxslarga ta’lim-tarbiya berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaganligi uchun bir yil davomida takroran ma’muriy javobgarlikka tortilgan taqdirda ularning ta’lim tashkilotlarida pedagoglik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlanmoqda.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning huquqlarini kafolatli himoya qilishni ta’minlashga xizmat qiladi. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA