Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili tomonidan 2024 yilda Olmazor tumanida joylashgan Respublika kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida monitoring o‘tkazilgan.
Monitoring yakunlariga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligiga Ombudsman taqdimnomasi kiritilgan.
Vazirlik Ombudsman taqdimnomasiga javoban Respublika kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasining nazorat rejasi ishlab chiqilib, kamchiliklar belgilangan muddatlarda bartaraf etilishini ma’lum qilgan.
Aytib o‘tish kerakki, Ombudsman tomonidan kiritilgan ta’sir choralari shaklidagi hujjatlarning ijrosi bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotlar, keyingi monitoringda qayta tekshiriladi.
Kuni kecha Ombudsmanning Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili ushbu shifoxonada qayta monitoring o‘tkazdi.
Aniqlanishicha, Ombudsman taqdimnomasida keltirilgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida shifoxonaga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Laboratoriya, fizioterapiya kabinetiga tibbiy jihozlar va rentgen apparatlari berilgan.
Shuningdek, 2025 yilga nazorat o‘tish punkti va qozonxonani ta’mirlash uchun 1,3 milliard so‘m mablag‘ hamda yumshoq jihoz va kiyim-kechaklar uchun 371 million so‘m ajratilgani ma’lum bo‘ldi.
Faktlar tekshirilgach, muassasadagi bemorlarga yaratilgan yashash va ovqatlanish sharoitlari va dori-darmon ta’minoti o‘rganildi.
Tashrif davomida 2014 yil 2 oktyabrdagi Vazirlar Mahkamasining “Psixiatriya davolash muassasasida majburiy davolashda bo‘lgan bemorlarning ovqatlanish va ashyoviy ta’minoti me’yorlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining ovqatlanishga oid talablari buzilgani aniqlandi.
Shuningdek, majburiy davolanish o‘tayotgan ayrim bemorlarda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘qligi aniqlandi va tegishli choralar ko‘rilishi belgilandi.
Monitoring natijalari yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning ta’sir choralari shaklidagi hujjatlar kiritiladi.
N.Abduraimova, O‘zA