Gretsiyaning Afina shahrida o‘tkazilgan sport kurashlari bo‘yicha U17 yosh toifasidagi jahon chempionati o‘z yakuniga yetdi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi jami 5 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta bronza medaliga ega bo‘ldi.
Jumladan, musobaqaning erkin kurash bellashuvlarida Abdumalik Jaloliddinov va Ulug‘bek Rashidov kumush, Mirjalol Mukammilov esa bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Yunon-rum kurashi bo‘yicha o‘tgan bellashuvlarda Bunyod Hasanov, Abdulaziz Xolmirzayev, Otabek Tursunov va Behruzbek Valiyev kabi polvonlarimiz jahon chempioniga aylandi. Ularning qayd etgan natijalari terma jamoamizning umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rindan joy olishiga sabab bo‘ldi.


Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, mazkur chempionatning ayollar kurashida -40 kilogrammgacha vazn toifasidagi bahslarda ishtirok etgan sportchimiz Shohista Shonazarova barcha raqiiblarini dog‘da qoldirgan holda mamlakatimizda mazkur yosh toifasida jahon chempioni bo‘lgan ilk qizga aylandi. Shuningdek, Muhayyo Rahimjonova kumush medal bilan taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA