Xalqimizning faxru iftixoriga aylangan, ezgu ishlari, yozgan asarlari, ulkan xizmatlari va beqiyos jasorati bilan abadiyatga daxldor bo‘lgan ulug‘ ajdodlarimiz bisyor. Elu yurtimizning asl farzandi, millat qahramoni, ma’rifatparvar alloma – Munavvar qori Abdurashidxonov ana shunday nurli siymolardan biridir.
Buyuk taraqqiyparvar, Vatan va millat fidoyisi, Turkiston jadidchilik harakatining darg‘alari qatorida e’tirof etiladigan Munavvar qori serqirra iste’dod sohibi bo‘lgan. U benazir islohotchi va mohir tashkilotchi, jonkuyar maorifchi-pedagog, qalami o‘tkir jurnalist, noshir, notiq, iste’dodli olim, adib, shoir, tilshunos, huquqshunos, mashhur jamoat va siyosat arbobi edi.
Qomusiy bilimlar sohibi Munavvar qori ilmiy-amaliy faoliyatining nihoyatda keng qamrovliligi bilan jadidlar orasida alohida nufuzga ega bo‘lgan. Shuningdek, u millat va xalq ozodligi, Vatan mustaqilligi uchun kurashgan.
Xalqning ijtimoiy-siyosiy va huquqiy tafakkurini boyitishga beqiyos hissa qo‘shgan Munavvar qori Abdurashidxonov o‘z davrida insonning ma’naviy va madaniy rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan ilm olish huquqi va uni kafolatlash borasida qimmatli fikrlar bildirgan, dolzarb muammolarni ilgari surgan.
Munavvar qori millat va mamlakat taraqqiyoti uchun xalq orasida ilm-fanni keng yoyish, ommani savodxon va ma’rifatli qilish, diniy va dunyoviy bilimlardan bahramand etish, yoshlarni davrning ilg‘or ruhida tarbiyalash zarurligini teran anglagan va bu borada alohida fidoyilik bilan sa’y-harakat qilgan.
"Jadidlar — millat qahramonlari" loyihasining bu galgi soni adib, murabbiy, muharrir, ma’rifatparvar, jamoat arbobi Munavvar qori Abdurashidxon o‘g‘liga bag‘ishlanadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/KZgTZls6EsI" title="Munavvar Qori ilm-ma’rifat targ`ibotchisi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA