AQSHning Texas va Kanzas shtatlari orasida 2017 yil oktyabrda kuzatilgan 829 kilometr uzunlikdagi chaqmoq uzunlik bo‘yicha yangi jahon rekordini o‘rnatdi. Bu haqda BMT huzuridagi Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) bayonotida ma’lum qilindi.
“JMT eng uzun chaqmoq bo‘yicha yangi jahon rekordini qayd etdi. AQSHdagi mashhur bo‘ronlar hududida hayratlanarli 829 kilometr (515 milya) uzunlikdagi chaqmoq kuzatildi. Bu ulkan chaqmoq 2017 yil oktyabrda kuchli momaqaldiroq paytida sodir bo‘lib, sharqiy Texasdan Kanzas-Sitigacha bo‘lgan hududni qamrab olgan. Bu masofa Yevropadagi Parij bilan Venetsiya orasidagi masofaga teng. Bunday masofani bosib o‘tish uchun avtomobilga taxminan sakkiz-to‘qqiz soat, tijorat samolyotiga esa kamida 90 daqiqa kerak bo‘ladi”, deyiladi hujjatda.
Isroil armiyasi 31 iyul kuni G‘azo sektorining shimoliy qismidan o‘zining elita qo‘shini bo‘lmish 98-diviziyasini (“olov diviziya” deb ham tanilgan) olib chiqib ketdi. Bu harakat Isroilning hududda olib borayotgan harbiy yurishi nihoyasiga yetayotganidan dalolat berishi mumkin. Bu haqda Anadolu xabar berdi. “Olov diviziyasi” nomi bilan tanilgan 98-diviziya desantchilar va qo‘mondonlarning elita bo‘linmasidir. U 2023 yil 7 oktyabrda Isroilning G‘azoga qarshi urushi boshlanganidan beri bir necha bor sektorga joylashtirilib, olib tashlangan.
Tokio va Sinshu universiteti olimlari genetik modifikatsiya qilingan virus asosida yangi teri saratoni dorisini ishlab chiqdi. Bu haqda mahalliy nashrlarga tayanib Anadolu xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, mazkur usul “virus terapiyasi” deb atalib, virus faqat saraton hujayralarida ko‘payib, ularni nishonga oladi va sog‘lom hujayralarga zarar yetkazmaydi.
Xitoy Qozog‘istonda ikkita atom elektr stansiyasi (AES) quradi. Bu haqda mamlakat bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Roman Sklyar ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari va loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda. Shuning uchun qurilishning aniq narxi hali noma’lum.
Yaponiyaning Akita prefekturasida nogironlar uchun mo‘ljallangan muassasaga ayiq hujum qildi. Yirtqich hayvon 73 yoshli ayolga tashlandi. Bu haqda NHK xabar berdi. Jabrlanuvchi zudlik bilan shifoxonaga olib ketilgan. Hech kim ayiqning muassasa hududiga qanday kirganini ko‘rmagan. Biroq hujum jarayoni video kuzatuv kameralariga qayd etilgan. Politsiya va qutqaruv xizmatlari voqea joyiga yetib kelganida, ayiq allaqachon hududni tark etgan bo‘lgan.
AQSH Davlat departamenti 31 iyul kuni Falastin hukumati va Falastin Ozodlik tashkilotining ayrim rasmiylariga viza cheklovini joriy etdi. Sanksiyaga uchragan rasmiylarning ismlari ochiqlanmagan bo‘lsa-da, ular tinchlik muzokaralariga to‘sqinlik qilayotganlikda va terrorizmni qo‘llab-quvvatlayotganlikda ayblandi. Bu haqda Daily Sabah xabar berdi. Falastin hukumati va Ozodlik tashkiloti falastinliklarning rasmiy vakillari bo‘lib, uzoq vaqtdan beri xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarni ushbu davlatni tan olishga undab keladi. Davlat departamenti bayonotida aytilishicha, bu choralar milliy xavfsizlik manfaatlari doirasida amalga oshirilmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/qrC-0gNEQPM?si=MVpOTj_8HTOOZlNV" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA