Senat yalpi majlisida joriy yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi. Qonunchilik yo‘nalishida jadal ish olib borilgani, xususan, 85 qonun ko‘rib chiqilgani qayd etildi.
Yangi konstitutsiyaviy vakolatlardan kelib chiqib, senatorlar qonunchilik tashabbusini ilgari surishga alohida e’tibor qaratgan. Qo‘mitalarda turli soha va yo‘nalishlarga oid 10 ga yaqin qonunchilik takliflari ustida faol ish olib borilmoqda.
– Nazorat-tahlil faoliyati doirasida asosiy vaqtimiz hududlarda o‘tdi, desak xato bo‘lmaydi, – dedi Senat Raisi T.Norboyeva. – 60 ga yaqin tadbir o‘tkazilib, muayyan soha, tarmoq va hududlarni rivojlantirishning dolzarb masalalariga oid vazifa, tavsiya, ko‘rsatmalar belgilab berildi. O‘rganishlar, tahlillar va ko‘p sonli aholi murojaatlari asosida bolalar salomatligini asrash, agrar sohani rivojlantirish, mehnat qonunchiligiga rioya qilish va aliment masalalariga oid dolzarb masalalar yuzasidan ijro organlariga to‘rtta parlament so‘rovi yuborildi.
Joylardagi 10 ga yaqin muammoli masalalar yalpi majlis minbariga olib chiqilib, ularni samarali hal etish chora-tadbirlari belgilandi. Shuningdek, turli yo‘nalishlardagi dolzarb masalalar yuzasidan mutasaddi vazirlik, idoralarga 30 dan ziyod senator so‘rovlari yuborilib, ijobiy yechim topilishi ta’minlandi.
5,2 mingdan ziyod aholi murojaati ko‘rib chiqilib, ularning har to‘rttadan bittasi alohida nazoratga olindi va 70 foizdan ziyodi qanoatlantirildi.
Mahalliy kengashlar bilan hamkorlik yangi pog‘onaga ko‘tarildi.
Senatning joriy yil ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan ish rejasi shakllantirildi. Unda 10 ga yaqin soha va yo‘nalishlarga oid qonunchilikni takomillashtirish, 30 ga yaqin yo‘nalishlarda nazorat-tahlil tadbirlari (qonunlar, dasturlar ijrosi), shuningdek, xalqaro aloqalar va mahalliy kengashlar bilan hamkorlikka oid 20 dan ziyod vazifalar hamda boshqa muhim tadbirlar aks ettirilgan.
N.Abduraimova, O‘zA