Senat yalpi majlisida O‘zbekistonning xalqaro parlamentlararo aloqalari tobora kengayib borayotgani qayd etildi. Yil boshidan buyon xorijiy hamkorlar bilan turli formatda 120 ga yaqin uchrashuv o‘tkazildi.
Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi yutimizda o‘tkazildi. Global darajadagi mazkur yirik anjuman mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada oshirdi. Dunyo parlamentarizmi rivojidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamladi.
– Kuni kecha Jenevada dunyo davlatlari parlamentlari rahbarlarining anjumanida ishtirok etdik va ushbu tadbirning ochilish marosimida, u yerdagi barcha hamkasblarimiz bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlarda ham 150-Assambleya natijalari yuksak e’tirof etildi, – dedi Senat Raisi Tanzila Norboyeva. – Assambleya doirasida mamlakatimiz ilgari surgan raqamlashtirish, gender tenglikni ta’minlash, yoshlar siyosati va ekologik barqarorlik kabi yo‘nalishlardagi tashabbuslar yuqori baholandi. Ayniqsa, Prezidentimizning global tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini yumshatish, xotin-qizlar huquqlarini qat’iy qaror toptirish, ijtimoiy himoya va sun’iy intellekt sohasida tizimli hamkorlikni kuchaytirish borasidagi fikrlari, taklif va tashabbuslariga alohida urg‘u berilib, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mazkur yo‘nalishlar muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Parlamentarizmni qo‘llab-quvvatlagani uchun Parlamentlararo ittifoq rahbariyati tomonidan Prezidentimizga yuksak minbardan minnatdorlik bildirildi.
Jumladan, yoshlarni parlament faoliyatiga keng jalb qilish bo‘yicha dasturiy choralar ko‘rish zarurligiga e’tibor qaratilib, Parlamentlararo ittifoq doirasida Yoshlar parlamentlari global platformasini mamlakatimizda tashkil etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. 2026 yilda Yosh parlament a’zolarining 12-global konferensiyasiga mamlakatimiz mezbonlik qiladigan bo‘ldi.
Umuman olganda, xalqaro hamkorlarimiz Prezidentimiz boshchiligidagi islohotlarni yuqori baholab, O‘zbekistonni mintaqadagi yetakchi va ishonchli davlat sifatida ko‘rmoqda. Bu esa, xalqaro maydonda, xususan, parlamentlar hamjamiyatida islohotlarimizga ishonch va xayrixohlik ortib borayotganining isbotidir.
Xiva shahrida birinchi O‘zbekiston – Ozarbayjon parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli o‘tgani ham xalqaro aloqalarimizni yangicha mazmun bilan boyitdi.
Yaqinda AQSH Kongressida “O‘zbekiston kuni” tadbirlari yuqori saviyada o‘tkazildi. Kongresmenlar O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, mamlakatimizni mintaqadagi ijobiy o‘zgarishlar lokomotivi sifatida e’tirof etdi. AQSH kompaniyalari Olmaliqdagi mis koni loyihasiga 4,5 milliard dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.
– Umuman olganda, parlamentlararo aloqalarimiz ana shunday real natijadorlikka qaratilishi, bunda, ayniqsa, oliy darajada erishilgan kelishuvlar o‘z vaqtida, sifatli amalga oshirilishi diqqat markazida bo‘lishi, bu borada parlament diplomatiyasi imkoniyatlarini to‘liq safarbar etishimiz zarur. Shu nuqtai nazardan parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyatini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. 50 dan ziyod xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan tuzilgan guruhlar tarkibi qayta ko‘rib chiqilib, yangilandi. Ularning har biri bo‘yicha alohida “yo‘l xaritalari” shakllantirilmoqda, – dedi Senat Raisi.
Norgul Abduraimova, O‘zA