Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga muvofiqlikni baholash organlarining mas’uliyatini yanada oshirishga hamda mahsulotlarni o‘z ixtiyori bilan chaqirib olgan tadbirkorlarga yengillik berishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Senatorlar tomonidan keyingi yillarda mamlakatimizda muvofiqlikni baholash jarayonlariga zamonaviy usullarni joriy etish orqali iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda ularning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Senat a’zolari muvofiqlikni baholash qoidalarini buzganlik uchun ta’sir choralarini kuchaytirish, texnik reglamentlar talablariga javob bermaydigan mahsulotni chaqirib olgan tadbirkorlarga yengillik berish mexanizmlarini shakllantirish maqsadida qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirish zarurati yuzaga kelayotganiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Qonun bilan Fuqarolik kodeksi, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”, “Standartlashtirish to‘g‘risida” va “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunlarga muvofiqlikni baholash organlarining mas’uliyatini oshirishga hamda texnik reglamentlar va qo‘llanilishi majburiy bo‘lgan standartlarga javob bermaydigan mahsulotni chaqirib olgan tadbirkorlikni rag‘batlantirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun kelgusida muvofiqlikni baholash organlarining mas’uliyatini oshirishga va iste’molchilar huquqlarini yanada ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi. Tegishli talablarga javob bermaydigan mahsulotni chaqirib olgan yuridik shaxslarni moliyaviy sanksiyalardan ozod qilish orqali sifatsiz va xavfli mahsulotlar realizatsiyasi hamda iste’molini cheklashni ta’minlaydi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA