Hindistonning Goa shahrida jismoniy imkoniyati cheklangan shaxmatchilar o‘rtasida o‘tgan XXIV jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 5 ta medalga sazovor bo‘ldi.
Kecha Xalqaro shaxmat federatsiyasi tizimidagi tashkilotlar hamda Hindiston paralimpiya qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan jahon chempionatida munosib ishtirok etgan iroda va matonat sohibi bo‘lgan shaxmatchilarimiz Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Mukofot jamg‘armasi 15 ming AQSH dollaridan iborat jahon chempionatida 16 mamlakatning 89 nafar irodali shaxmatchilari ishtirok etdi. Ular bilan kechgan bahslarda terma jamoamiz a’zolari Urolbek Normo‘minov rapid yo‘nalishida oltin, standartda kumush, Abdurahmon Azimjonov standart va blits yo‘nalishida bronza, Nurmuhammad Ergashov rapidda bronza medallariga musharraf bo‘ldi.
Kutib olish marosimida ta’kidlanganidek, matonatli para shaxmatchilarimizning ushbu muvaffaqiyati O‘zbekiston yoshlarining aql-zakovati ne chog‘li yuksakligidan dalolatdir.
T.Ro‘ziyev, O‘zA