Andijon viloyati Buloqboshi tumanida joylashgan “Shirmonbuloq” qishlog‘idan o‘tuvchi Janubiy Farg‘ona kanalida ko‘zga tashlangan ko‘pikli va qop-qora suv jamoatchilik o‘rtasida jiddiy ekologik xavotirlarga sabab bo‘ldi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhalar orqali mazkur holat keng muhokamalarga sabab bo‘ldi va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tezkor nazoratga olindi.

Vazirlik axborotiga ko‘ra, 2025 yil 26 iyul kuni soat 9:00 lar atrofida Andijon viloyati Ekologiya boshqarmasi va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda holat o‘rganilgan. Natijada kanalda suv yuzasida ko‘piklar paydo bo‘lgani aniqlandi va darhol suvdan namunalar olinib, laboratoriya tahlillariga yuborilgan.
Tekshiruvlar davomida Xo‘jaobod tumanida joylashgan “N. G.” MCHJ tomonidan mato mahsulotlariga rang berish jarayonida hosil bo‘lgan oqova suvlarning tozalash inshooti to‘liq ishlamayotgani va shu sababli qisman tozalanmagan holda Janubiy Farg‘ona kanaliga tashlanayotgani ma’lum bo‘lgan.

Ayni paytda, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori laboratoriya xulosalari asosida hisoblanmoqda. To‘plangan hujjatlar tegishli tartibda sud organlariga taqdim etiladi.
Shuningdek, vazirlik tomonidan mazkur korxona faoliyati yuzasidan qonunbuzarlik holatlarini bartaraf etish, yana bunday holatlar takrorlanmasligi uchun chora-tadbirlar ko‘rish belgilab olingan.

Mutasaddilar ushbu masalada jamoatchilikni xabardor etib borishini, vaziyat to‘liq nazoratda ekanini va ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilmoqda.

M.Eshmirzayeva, O‘zA