O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yangi-yangi ma’rifiy loyihalar ustida qizg‘ish ish olib bormoqda. Jumladan, ushbu markaz fransiyalik, turkiyalik va avstriyalik nufuzli mutaxassislar bilan hamkorlikda “114 Qur’on” loyihasini amalga oshirmoqda.
Loyiha doirasida O‘zbekiston tarixiy merosiga tegishli dunyodagi Qur’on qo‘lyozmalari tanlab olinadi va Markaz muzeyi asosiy qismi sifatida Qur’oni karim zali bo‘limi ekspozitsiyasidan o‘rin oladi.
Bugun Islom sivilizatsiyasi markazida mazkur loyihaning yakunlovchi bosqichga o‘tayotgani munosabati bilan turkiyalik olim, Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez o‘z taqdimotini namoyish qildi.
Taqdimotda O‘zbekistonning taniqli ulamolari va islomshunoslari — shayx Abdulaziz Mansur, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidbek Ishmatbekov, markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborov, ilmiy xodim Azimjon G‘afurov hamda ko‘plab tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Istanbul universiteti professori Emek Ushenmezning ma’lum qilishicha, ushbu loyiha doirasida Markaz bilan hamkorlikda 114 ta Qur’oni karim nusxasi asosida kitob-albom tayyorlanmoqda. Turkiyalik olimning aytishicha, kitob-albom “Kirish qismi” va 4 bo‘limdan iborat bo‘lib, unda VII asrdan XX asrgacha Turkiston hududida yaratilgan va dunyo arxivlarida saqlanayotgan noyob qo‘lyozma Qur’onlar haqida tarixiy-ilmiy ma’lumotlar keltiriladi.
Islom sivilizatsiyasi markazi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, kitob-albomdan joy oladigan mashhur nusxalar qatorida — Usmon mushafi, Katta Langar Qur’oni, Moviy Qur’on, Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Temuriylar va Boburiylar davridagi hamda xonliklar davriga oid nusxalar o‘rin oladi. Har bir qo‘lyozmaning faksimile (aniq nusxa) ko‘rinishida 2 sahifasi kitobda o‘z aksini topadi. Ularning umumiy tartibi 30 porani qamrab olib, to‘liq Qur’oni karim manzarasini yaratadi.
Turkiyalik professor aytib o‘tgan muhim jihatlardan biri — 1467 yilda Amir Temurning nabirasi Muhammad Sultonning qizi Shodmalik xotun tomonidan o‘z qo‘li bilan ko‘chirilgan Qur’on nusxasi ham albomdan joy olishi. Shuningdek, Qo‘qon xoni Amir Umarxonning Usmoniylar sultoni Mahmud II ga sovg‘a qilgan tarixiy qo‘lyozma nusxasi haqida ham ma’lumot berildi.
Eng e’tiborli qismlardan biri — 1318 yilda Oltin O‘rda xoni O‘zbekxonga atab oltin varaqda ko‘chirilgan 700 yillik tarixga ega Qur’on qo‘lyozmasidan suralar kiritilayotganidir. Ushbu nusxa mo‘g‘ullar davridan keyin saqlanib qolgan eng asosiy Qur’on mushaflaridan biri hisoblanadi.
Taqdimot so‘ngida professor Emek Ushenmez ushbu noyob qo‘lyozmalarning tarixiy, manbashunoslik va madaniy qimmatini alohida ta’kidladi hamda ularning kelib chiqish tarixi O‘zbekiston bilan chambarchas bog‘liq ekanini e’tirof etdi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri