AQSH prezidenti Donald Tramp Hindistonga nisbatan 25 foizlik boj to‘lovlarini joriy etishini ma’lum qildi. Nega deysizmi? Trampning aytishicha, Hindiston AQSH sanksiyalariga zid ravishda Rossiyadan neft va harbiy texnika xarid qilgan.
– Shuni yodda tutishimiz kerakki, Hindiston bizga do‘st o‘lka bo‘lsa-da, ular bilan savdo aloqalarimiz yillar davomida juda ham rivojlanib ketmadi, -dedi Qo‘shma Shtatlar yetakchisi o‘z bayonotida. – Sababi ular tomonidan juda yuqori tariflar qo‘llaniladi, hatto dunyodagi eng baland tariflar deyishimiz mumkin.
“Times of India” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Hindiston xom neft importining taxminan 35 foizini Rossiyadan oladi. 2025 yil iyun oyida bu ko‘rsatkich so‘nggi ikki yil ichidagi eng yuqori darajaga yetgan.
Ayni paytda AQSH Ukrainadagi ziddiyat sababli Rossiyaning neft ishlab chiqaruvchilari va tashuvchi flotiga nisbatan qattiq sanksiyalar joriy qilgan. Hindiston esa AQSHning bu sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlamasdan, Moskva bilan yaqin munosabatlarni saqlab kelmoqda. Bundan tashqari, Hindiston Rossiyadan 80 milliard dollar qiymatidagi harbiy texnika - qiruvchi samolyotlar, raketa tizimlari, suvosti kemalari va vertolyotlarni xarid qilgan.
Tramp o‘z bayonotida Hindistonni “harbiy jihozlarining katta qismini Rossiyadan sotib olganlikda” va “RFning eng yirik energiya xaridorlaridan biri” sifatida tanqid qilgan. Trampga yoqmayotgan yana bir holat, Hindiston va Rossiyaning do‘stona aloqalari deyishimiz mumkin. Chunki hindlar Moskvaga qarshi AQSH va G‘arbning sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlamadi.
Seshanba kuni Tramp Kremlga Kiyev bilan nizoni to‘xtatish uchun bergan 50 kunlik muddatni 10 kunga tushirdi. Agar shu muddat ichida talab bajarilmasa, Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar bilan tahdid qildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/2Qdlt6U_vK8" title="Tramp Hindistonni “jazolamoqchi”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov,O‘zA