Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, endi “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalari orqali beriladigan yordamlar faqat daftarga kiritilganlarga emas, balki ehtiyojmand oilalarga ham taqdim etiladi.
Oldingi amaliyotda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Saxovot va ko‘mak” jamg‘armalari orqali yordamlar faqat shu daftarlarga kiritilgan fuqarolarga berilgan. Ehtiyojmand bo‘lsada, mazkur daftarga kiritilmagan fuqarolar tegishli yordam turlaridan foydalana olmagan.
Qayd etilishicha, uy-joy sharoitini yaxshilash va sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha yordamlar daromadi kam bo‘lgan oilalarga ham berilishi mumkin. Yordamlar raqamlashtirilgan tizim orqali — “Yagona milliy ijtimoiy himoya” va “Statistika” axborot tizimlari asosida adolatli taqsimlanadi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 23 iyuldagi "Ayollar daftari", "Yoshlar daftari" va "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, 2025 yil 15 avgustgacha "Yagona milliy ijtimoiy himoya tizimi" axborot tizimi orqali "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan vaucher asosida yordam ko‘rsatish tizimini joriy etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, hujjat bilan Vazirlar Mahkamasining "Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, "Ayollar daftari" jamg‘armasidan har bir uyni ta’mirlash uchun BHMning 50 baravarigacha (amaldagi 30 BHM o‘rniga) mablag‘ ajratiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA