Qonun loyihasiga sharh
Atrof-muhit, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish, chiqindilarni belgilangan joylarga tashlab, tozalikni saqlash bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biridir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yildan shu paytgacha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan turli joylarga 395 ta nazorat kameralari o‘rnatilgan. Ekologik nazorat tadbirlarida bir qator huquqbuzarliklar aniqlanmoqda. Xususan, atrof-muhitga zarar yetkazish, o‘simlik va hayvonot dunyosi ob’ektlarini nobud qilish, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlab ketish kabi holatlar tez-tez uchramoqda. Bu esa shu kabi huquqbuzarliklar uchun, atrof-tabiatga zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Shu maqsadda atrof-muhit va o‘simlik dunyosining muhofazasini kuchaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilib, parlament quyi palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi. Mazkur loyiha bo‘yicha Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi Xayrullo G‘afforov quyidagilarni qayd etdi:

— Ma’lumki, yangilangan Konstitutsiyamizda har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega ekanligi, davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlashi mustahkamlab qo‘yildi. Bu borada bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Ammo shunga qaramay, ekologiya sohasida qonunbuzilish holatlari uchrab turgani sohadagi qonunchilikni yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan qonun loyihasi bilan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunlarga, Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, qonun loyihasida avtomatik monitoring stansiyalar ma’lumotlarini yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga real vaqt rejimida kiritishni ta’minlash nazarda tutilmoqda. Bu fuqarolarning atrof-muhit haqida ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqini kafolatlaydi.
Shuningdek, o‘rmon fondi yerlarini noqonuniy berish va ulardan foydalanish va bunday yerlarda noqonuniy bino-inshootlar va imoratlarni qurish hamda aholi punktlari va shahar markazlarida oldindan mavjud bo‘lgan ariqlar, irrigatsiya tizimlarini o‘zboshimchalik bilan ko‘mib tashlash kabi huquqbuzarlik turlari bo‘yicha javobgarlik kuchaytiriladi. Daraxt va butalarni kesishga qo‘yilgan moratoriy talablarini buzganlik uchun ham javobgarlikni kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, atrof-muhitga zarar yetkazish, o‘simlik va hayvonot dunyosi ob’ektlarini nobud qilish yoki ularga shikast yetkazish, hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish bilan bog‘liq jinoyatlarni og‘ir jinoyatlar toifasiga kiritish va jazo sanksiyalarini kuchaytirish nazarda tutilgan.
Ta’kidlash lozimki, mazkur hujjatda belgilanayotgan normalar mamlakatimizda ekologik vaziyatni yanada yaxshilash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA