Bugungi kunda dunyoda raqamli texnologiyalar, startaplar va innovatsiyalar sohasi jadal rivojlanmoqda. Bu jarayonda ayollar ham faol ishtirok etib, yangi g‘oyalar, zamonaviy yechimlar orqali jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shmoqda.
Raqamli texnologiyalar vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Pitch & Rise: Startap sahnasida ayollar” nomli tadbirda yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 70 nafarga yaqin faol xotin-qizlar ishtirok etdi. Ular o‘z g‘oyalari, startap loyihalarini taqdim etib, shu orqali amaliyotda tajriba almashish, muvaffaqiyatli biznes yo‘lini boshlab olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Tadbirda amaliy mashg‘ulotlar ham tashkil etildi. 11 nafar ishtirokchi o‘z loyihalarini sahnada namoyish etdi. Yakuniy baholash natijalariga ko‘ra, “Btle”, “Fonus” va “La Menu” loyihalari eng yaxshi uchlikdan joy oldi.

— “Raqamli transformatsiya har bir iste’dod egasining faol ishtirokini talab qiladi. Mamlakatimizda ayollar bu sohada katta salohiyatga ega ekanini ko‘rsatmoqda, davlat esa ular uchun zarur qo‘llab-quvvatlash va imkoniyatlarni yaratishga tayyor, – dedi Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova.

Tadbirda ta’kidlanganidek, xotin-qizlarni startap ekotizimiga jalb qilish bir martalik kampaniya emas, balki O‘zbekistonning uzoq muddatli raqamli taraqqiyot strategiyasining ajralmas qismidir.
Nigora Rahmonova, O‘zA