"O‘zkimyosanoat" AJ axborot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida mamlakatimizda kimyo sanoatida yuqori faollik va ijobiy natijalar qayd etildi.
Mazkur davrda sohada 9,4 trillion so‘mlik tovar mahsulotlari ishlab chiqarilib, belgilangan reja 107,3 foizni tashkil etdi. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 108,1 foizlik o‘sishni anglatadi.
Kimyo korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar orasida mineral o‘g‘itlar muhim o‘rin tutadi. Hisobot davrida sof holda jami 673,2 ming tonna mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarildi. Bu rejaga nisbatan 96,9 foizni tashkil etib, 100,9 foizlik o‘sishga erishildi. Xususan, azotli o‘g‘itlar 512,5 ming tonna (reja – 96,5 foiz, o‘sish – 102,4 foiz); fosforli o‘g‘itlar 55,7 ming tonna (reja – 96,8 foiz, o‘sish – 91 foiz); kaliyli o‘g‘itlar 105 ming tonnani (reja – 99 foiz, o‘sish – 99,4 foiz) tashkil etgan.
– Ushbu ko‘rsatkichlar kimyo sanoatida ishlab chiqarish hajmi barqaror ravishda oshib borayotganini va ichki hamda tashqi bozorda mahsulotlarga bo‘lgan talabni qondirish imkoniyati kengayayotganini ko‘rsatadi. Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va investitsiya loyihalarining samarasi bu natijalarda o‘z aksini topmoqda. Kelgusida mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishda mahalliylashtirish darajasini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlash sohaning asosiy vazifalari sifatida belgilangan, – dedi Hojiakbar To‘laganov.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA