“O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyatining markaziy ofisida o‘tkazilgan matbuot anjumani mazkur tashkilotning 2025 yil birinchi yarim yillik yakunlariga bag‘ishlandi.
Unda mas’ullar qayd etganidek, ushbu davrda tashkilot acosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ijobiy natijalarga erishgan. Xususan, 2025 yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2024 yil 1-yarim yilligiga nisbatan 36,5 foizga o‘sib, 107,6 trillion so‘mni tashkil qilgan. Tuzilgan bitimlarning qariyb 77 foizi birja savdolariga, qolgan qismi, ya’ni 23 foizi elektron tijorat savdo tizimlariga to‘g‘ri kelgan.
Shuningdek, birja savdolari bo‘yicha tuzilgan eng yirik bitimlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (44%), yoqilg‘i energetika mahsulotlari (19%), qora va rangli metallar (19%), mineral o‘g‘itlar va qimyo mahsulotlari (13%) hamda qurilish mollari (5%) ulushlariga to‘g‘ri keldi.
“O‘zRTXB” AJ matbuot kotibi Hikmatullo Tillaboyevning qayd etishicha, ko‘rib chiqilayotgan davrda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining “yashil energetika” seksiyasida "O‘zbekgidroenergo" AJ tomonidan 482,3 million so‘mlik 34,4 mingdan ziyod “yashil sertifikatlar” sotildi, shu jumladan, 301 ta sertifikat ilk bor eksport qilingan.
–Birjaning davlat xaridlari bo‘yicha xarid.uzex.uz elektron savdo tizimida o‘tkazilgan savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilar mablag‘larining tejalishi 30,6 foizga o‘sib, 10,2 trillion so‘mga teng bo‘ldi. O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining avtoraqam.uzex.uz savdo tizimida 378,7 milliard so‘mlik 80 mingdan ziyod avtoraqamlar shaffof onlayn-auksionlar orqali sotildi. Sotilgan avtoraqamlarning 96 foizi jismoniy shaxslarga va qolgan 4 foizi yuridik shaxslarga to‘g‘ri kelgan. Sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi 1,7 million so‘mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 509,6 million so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, tashkilotimizda yangi agro.uzex.uz elektron savdo platformasi ishga tushirilgan. Mazkur savdo platformasi aholi tomorqalarida, fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarga erkin bozor narxida sotishga mo‘ljallangan, – dedi H.Tillaboyev.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashqi bozorlarga sotishni tashkil etish maqsadida birjaning 48 ta xorijiy savdo maydonchalarida UZEX Agro elektron savdo platformasining taqdimotlari o‘tkazilmoqda.
Matbuot anjumanida raqamlashtirish sohasidagi ishlar ham sarhisob qilindi. Unga ko‘ra, o‘tgan davrda yangi - Xarid elektron davlat xaridlari mobil ilovasi ishga tushirildi. Shuningdek, biznes-jarayonlarni optimallashtirish va ish samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi sun’iy intellekt (SI) xizmatlarini joriy qila boshladi. Sun’iy intellektga asoslangan AI Chat-bot xizmatining joriy etilishi bunga yaqqol misoldir.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA