O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Abbosbek Fayzullayev faoliyatini Turkiyaning "Istanbul Bashakshehir" klubida davom ettiradigan bo‘ldi. U yangi jamoasida 11-raqam ostida harakatlanadi.
"Istanbul Bashakshehir" transfer uchun SSKAga 7,5 million yevro to‘lab berdi. Agarda bu summa to‘lansa, "Paxtakor" mazkur transferdan 10 foiz, ya’ni 750 ming yevro ishlab oladi. Bundan tashqari, klublar o‘rtasidagi kelishuvda SSKA Abbosbekning keyingi transferi summasining 10 foizini olishi ko‘rsatilgan. Darvoqe, Abbosbek bir mavsum uchun 1 million yevro maosh oladi. Shuningdek, shartnomada samarali harakatlar uchun qo‘shimcha bonuslar ham belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullayev “armiyachilar” tarkibida barcha turnirlarda 72 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini sakkiz marta ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga 22 ta golli pas uzatdi.
Turkiya Superligasida yuqori o‘rinlar uchun kurashishni maqsad qilgan “Istanbul Bashakshehir” yozda tarkibini jiddiy tarzda kuchaytirishga qaror qilgan. Istanbulliklar yaqinda “Roma”dan O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va to‘purari Eldor Shomurodovni transfer qilgan edi.

Ma’lumot o‘rnida: 2024 yilgi Turkiya chempionatida "Istanbul Bashakshehir" beshinchi o‘rinni egallagan edi. Hozirda jamoa UEFA klublar o‘rtasidagi uchinchi turnir - Konferensiyalar ligasi saralashida ishtirok etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA