Joriy yil 14 iyuldan 2025/2026 o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlariga start berildi. Test sinovlarida 671 ming 397 nafar abituriyent ishtirok etdi. Imtihonlar 10 kun davomida 2 smenada tashkil qilindi. Belgilangan tartibga ko‘ra, abituriyentlar tegishli binolarga kelib, maxsus tekshiruvlardan o‘tdi va imtihon xonalarida test jarayonida qatnashgan.
Test sinovlaridagi har bir bosqich qat’iy nazorat ostida tashkil etilgan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim talabalarning soxta hujjatlar asosida oliy ta’lim tashkilotlariga qabul qilingani haqidagi xabarlar tarqaldi va muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, HEMIS tizimi orqali har bir talabaning qabul qilinishi, o‘qiyotgan yo‘nalishi va kursi aniq qayd etiladi. Xorijdan o‘qishini ko‘chirishda esa faqat rasmiy hujjatlar asosida, o‘quv rejalari solishtirilib, rektor buyrug‘i bilan qabul amalga oshiriladi. Bu jarayon elektron tizimda to‘liq va shaffof yuritiladi, asossiz ma’lumotlar kiritilmaydi.
Qayd etilishicha, hozirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan mazkur masala yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda. Agar qonunbuzarlik holatlari aniqlansa, belgilangan tartibda huquqiy baho berilib, jamoatchilikka rasmiy axborot taqdim etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA