Kelgusi yilning 11 iyun — 19 iyul kunlari AQSH, Kanada va Meksika futbol maydonlarida o‘tadigan mundialda ishtirok etadigan davlatlarning 13 tasi ma’lum bo‘lsa, qolgan 35 ta o‘rin uchun qit’alarda saralash o‘yinlari belgilangan tartibda davom etmoqda.
Kuni kecha Jahon chempionatiga qur’a tashlash sanasi va manzili to‘g‘risidagi xabar e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining guruh bosqichiga qur’a tashlash marosimi joriy yilning 5 dekabrida AQSHning Nevada shtati Las-Vegas shahrida tashkil etiladi.
Mundialga qur’a tashlash tadbirlari Las-Vegas shahrida joylashgan “Sphere Hall”da o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Dunyodagi eng katta sharsimon inshoot sifatida e’tirof etiladigan majmua bir paytning o‘zida 17 ming 500 nafar tomoshabinni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA